add

Ronaldu va Messi bir kunda ikkita jahon rekordini o‘rnatdi

15.10.2025 | 23:0010182

Krishtianu Ronaldu 40 yoshda, Lionel messi esa 38. Ular mos ravishda gollar va golli uzatmalar soni bo‘yicha rekord o‘rnatgan.

Ronaldu va Messi bir kunda ikkita jahon rekordini o‘rnatdi
Portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu va argentinalik Lionel Messi milliy terma jamoalar o‘yinlarida jahon rekordlarini o‘rnatishdi. BU haqda RBK xabar berdi. Ronaldu Vengriyaga qarshi o‘yinda (2:2) ikkita gol urib, jahon chempionati saralash bosqichidagi gollar soni bo‘yicha rekordni (41) yangiladi. U bu rekordni 50-o‘yinida o‘rnatdi. Ronaldu gvatemalalik Karlos Ruisning natijasini (47 o‘yinda 39 gol) ortda qoldirdi. Ro‘yxatda uchinchi o‘rinda Messi (72 o‘yinda 36 gol) turibdi. Ronaldu milliy terma jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlarda eng ko‘p gol urgan futbolchi hisoblanadi - 143 ta. U Messidan 29 ta gol bilan oldinda. Shu bilan birga, Ronaldu jahon chempionatlaridagi gollari soni bo‘yicha kuchli yigirmatalikka kirmaydi - 8 ta gol. Messi esa 13 ta gol bilan to‘rtinchi o‘rinda turibdi. Argentina terma jamoasi o‘rtoqlik uchrashuvida Puerto-Riko jamoasini 6:0 hisobida mag‘lub etdi. Messi ikkita golli uzatma berdi va milliy jamoalar darajasida assistlar soni bo‘yicha yangi rekord o‘rnatdi. 38 yoshli hujumchi endi terma jamoa uchun o‘tkazgan o‘yinlarida 60 ta samarali uzatmaga erishdi. Messi 58 tadan uzatma bergan amerikalik Lendon Donovan va braziliyalik Neymardan o‘zib ketdi. 40 yoshli Ronaldu besh marta «Oltin to‘p» sohibi, besh karra Chempionlar ligasi g‘olibi, shuningdek, rasmiy o‘yinlarda jahon futboli tarixidagi eng samarali to‘purar hisoblanadi. Messi «Oltin to‘p»lar soni bo‘yicha (sakkizta) rekordchi sanaladi. Bundan tashqari, u olti marta «Oltin butsa» sovrindori, Ispaniya chempionati, «Barselona» va Argentina terma jamoasi tarixidagi eng zo‘r to‘purar unvoniga ega. U Argentina terma jamoasi bilan birga ikkita Amerika kubogini (2021, 2024) va 2022 yilgi jahon chempionatini qo‘lga kiritgan.

Teglar

Mavzuga oid