«Rosatom»ning Markaziy Osiyodagi navbatdagi bekati — Qirg‘iziston
Moskva Markaziy Osiyoda «yadroviy zanjir» yaratishda davom etmoqda. O‘zbekiston va Qozog‘istondan so‘ng Qirg‘iziston ham Rossiyaning atom loyihalari orbitasiga kirmoqda.

Qozog‘istondan so‘ng Moskva Qirg‘izistonda ham atom elektr stansiyasini (AES) qurishni maqsad qilmoqda. Bishkek «Rosatom» bilan muzokaralar olib borilayotganini tasdiqladi, biroq yakuniy qaror, katta ehtimol bilan, umumxalq referendumi orqali qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda xuddi shunday ovoz berish jarayoni allaqachon bo‘lib o‘tgan va fuqarolar loyihani qo‘llab-quvvatlagan edi. Shundan so‘ng hukumat tender e’lon qildi va unda «Rosatom» g‘olib deb topildi.

Taraqqiyot va xavf-xatar
Qirg‘iziston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Daniyar Amangeldiyev aprel oyi boshida AES masalasini referendumga olib chiqish niyatini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat allaqachon infratuzilmani rivojlantirish va xodimlarni tayyorlash bo‘yicha «Rosatom» bilan faol hamkorlik qilmoqda.
«Zamon bilan hamnafas bo‘lish yoki bo‘lmaslik borasida xalq bilan maslahatlashamiz», — dedi Amangeldiyev. U tinchlik maqsadidagi atom energiyasi mamlakatni surunkali energiya taqchilligidan qutqaruvchi yagona yo‘l bo‘lishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.
Qirg‘izistonda elektr energiyasi yetishmovchiligi muammosi so‘nggi yillarda yanada keskinlashgan. «Ozodlik» xabariga ko‘ra, bunga elektr tarmoqlarining eskirgani, iste’mol hajmining o‘sishi va daryolardagi suv sathiga bo‘lgan o‘ta yuqori bog‘liqlik sabab bo‘lmoqda. Qishda yoki qurg‘oqchilik davrida GESlar yuklamani ko‘tara olmaydi, bu esa hukumatni elektr energiyasini import qilishga yoki vaqtincha o‘chirishlarni joriy etishga majbur qilmoqda.

«Qog‘ozdagi» texnologiyalar
«Rosatom» Bishkekka RITM-200 reaktorlari bazasidagi kichik AES qurishni taklif qilmoqda. Ushbu texnologiya aslida muz yorar kemalar floti uchun yaratilgan edi. Rossiya tomoni bu qurilmalar ishonchli va quruqlikda foydalanish uchun moslashtirilgan degan fikrda, biroq mustaqil ekspertlar bunga shubha bilan qaramoqda.
Ushbu texnologiya hali vaqt sinovidan o‘tmagani muhim texnik jihatlardan biridir. Ayni damda bu borada yetarli tajriba mavjud emasligini ko‘rish mumkin: Rossiyaning o‘zida ham hozirgacha RITM-200N bazasida ishlaydigan birorta yer usti AESi foydalanishga topshirilmagan — Yoqutistondagi ilk loyiha hali amalga oshirilish bosqichida turibdi. Bundan tashqari, iqlim omilini ham e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi: Yoqutistonning doimiy sovuq sharoiti Qirg‘izistonning baland tog‘li hududlaridan tubdan farq qiladi.
Muhandislik nuqtai nazaridan qaraganda, faqat qog‘ozda ishlaydigan va "siyoh bilan sovitiladigan" loyihalargina mutlaqo xavfsiz hisoblanadi. Toki qurilma real metall konstruksiya holida yig‘ilmas va bir necha yil davomida sinovdan o‘tmas ekan, har qanday reklama va’dalari amaliyot emas, shunchaki nazariy hisob-kitob bo‘lib qolaveradi.

Geosiyosiy tugun
Moskvaning mintaqaga bo‘lgan qiziqishi juda keng ko‘lamli. O‘zbekistonda (Jizzax viloyatida) ham kichik RITM-200 reaktorlarini, ham yirik VVER-1000 bloklarini o‘z ichiga olgan yaxlit «yadroviy klaster» yaratish rejalashtirilgan.
Kremlning qo‘shni davlatlarda AES qurishga bo‘lgan intilishi nafaqat «Rosatom» uchun yangi buyurtmalar izlash, balki uzoq muddatli siyosiy maqsadlar bilan ham izohlanadi:
· Texnologik jihatdan: Servis va texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini faqat rossiyalik mutaxassislar amalga oshirishi mumkin.
· Resurs jihatdan: Yoqilg‘i yetkazib berish va chiqindilarni utilizatsiya qilish Rossiya qo‘lida qoladi.
· Moliyaviy jihatdan: Loyihalar ko‘pincha kredit hisobiga amalga oshiriladi, bu esa davlat qarzining oshishiga olib keladi.

Seysmik xavf va foydalanilmagan salohiyat
Qirg‘izistonlik energetika bo‘yicha ekspert Rasul Umbetaliyev mamlakat hududining 90 foizi tog‘lardan iborat ekanini va u yerda tog‘ hosil bo‘lish jarayonlari hali ham faol davom etayotganini ta’kidlaydi.
«Bizda har kuni 4–5 balli yer silkinishlari yuz beradi. Bunday yuqori seysmik xavf hududida joylashgan obyektning xavfsizligiga hech kim yuz foizlik kafolat bera olmaydi», — deydi ekspert.
Bundan tashqari, Umbetaliyev vaziyatning paradoksal jihatiga e’tibor qaratadi: odatda AES suv tanqis joylarda quriladi. Qirg‘iziston esa ulkan gidroenergetika salohiyatiga (yiliga 160 milliard kVt·soatgacha) ega bo‘lib, hozirda ushbu imkoniyatning atigi 10 foizigina o‘zlashtirilgan, xolos.

Armaniston konteksti
Moskva Yerevanga ham bosim o‘tkazmoqda. Metsamor AESining xizmat muddati 10 yildan keyin tugaydi. Armaniston energiya manbalarini diversifikatsiya qilishga intilib, AQSH bilan kichik AESlar qurish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Biroq Rossiya bu ta’sir vositasini qo‘ldan chiqarmoqchi emas va ushbu mintaqada ham o‘z loyihasini qabul qildirishga urinmoqda.


