
«Rosneft»ning foydasi 60 foizga yaqin qisqardi: Rossiya neft iqtisodiyotida chuqur tanazzul
31.05.2025 | 21:0049044
Sanksiyalar, neft narxining tushishi va rublning mustahkamlanishi «Rosneft» faoliyatiga jiddiy zarba berdi. 2025 yilning I choragida kompaniyaning sof foydasi 58 foizga kamaydi.

Rossiyaning eng yirik neft kompaniyasi — «Rosneft» 2025 yilning I choragida jami 170 mlrd rubl foyda oldi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davrida qayd etilgan 399 mlrd rubldan deyarli ikki barobar kam. Bu haqda kompaniyaning MSFO bo‘yicha moliyaviy hisobotida keltirilgan.
Umumiy tushum 12 foizga pasayib, 2,283 trln rubl bo‘ldi. Kompaniyaning operatsion faoliyatdan tushgan pul oqimi 365 mlrd rubl bo‘lgan bo‘lsa-da, kapital xarajatlar 403 mlrd rublga yetgani bois, pul oqimi manfiy natija ko‘rsatdi.
Kompaniya bayonotida ta’kidlanishicha, hisobot davridagi asosiy muammolar — Urals navli nefti narxining tushishi, yangi sanksiyalar, eksportdagi chegirmalar kengayishi va rublning kuchayishi bo‘lgan. Shuningdek, Rossiya markaziy banki tomonidan oshirilgan asosiy stavka ham qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini 1,8 baravarga oshirgan.
Tahlilchilar ta’kidlashicha, neft narxining tushishi va rublning mustahkamlanishi «Rosneft» natijalarini jiddiy chekladi. Urals navli neft chorak davomida 9 foizga, Xitoyga eksport qilinadigan VSTO nefti esa 11 foizga arzonlashdi. Rublda neft narxi mart oyida barrel uchun 5 ming rublgacha tushib, chorak davomida 25 foizga pasaydi.
Aprel va may oylarida vaziyat yanada yomonlashdi — Urals narxi 4 ming rublgacha tushib, byudjetda rejalashtirilgan narxdan 40 foizga pastlashdi. Sanksiyalar tufayli Xitoyga eksportdagi chegirmalar kengaydi, foyda solig‘i hamda qarz xarajatlari ortishi ham ta’sir ko‘rsatdi.
Shunga qaramay, tahlilchilar «Rosneft» uchun uzoq muddatli tahdidlar kutilmayotganini qayd etmoqda. Kompaniya davlat qo‘lloviga tayana oladi va hozirda Rossiyada yagona yangi keng ko‘lamli qazib olish loyihasi — «Vostok oyl»ni amalga oshirmoqda.





