
Rossiya Afg‘oniston Islom Amirligini rasman tan oldi
03.07.2025 | 23:4226503
Mazkur yangilik ortidan Afg‘onistonning Moskvadagi elchixonasida “Tolibon” joriy qilgan yangi davlat bayrog‘i ilindi.

Rossiya Afg‘oniston Islom Amirligini rasman tan oldi. Bu haqda TASS Rossiya TIVga tayanib, ma’lum qildi.
3 iyul kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenko Afg‘onistonning Rossiyadagi yangi tayinlangan elchisi Gul Hasandan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilgan.
Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi tomonidan Afg‘oniston rasmiylarining rasman tan olinishi ikki mamlakatning turli sohalardagi samarali ikki tomonlama hamkorligini rivojlantirishga turtki berishini ma’lum qildi. Tashqi siyosat idorasi Moskva Kobul bilan energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma sohalaridagi loyihalarga e’tibor qaratgan holda savdo-iqtisodiy yo‘nalishdagi hamkorlikning muhim istiqbollarini ko‘rayotganini ta’kidladi.
Mazkur yangilik ortidan Afg‘onistonning Moskvadagi elchixonasida “Tolibon” joriy qilgan yangi davlat bayrog‘i ilindi. Bu bayroq 2021 yilda Tolibon hokimiyatga kelganidan keyin ilk bor Rossiya poytaxtida rasman ko‘tarildi.
19 iyun kuni Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova Rossiya Afg‘onistonning amaldagi hukumatini "o‘z vaqtida" tan olganini ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, jahon hamjamiyatining ko‘plab a’zolari hanuz “Tolibon”ni rasman tan olmagan va uning hukumatiga e’tiroz bildirmoqda. Rossiyaning ushbu qadami esa Afg‘onistonning xalqaro mavqeiga ta’sir ko‘rsatuvchi yangi bosqich bo‘lishi kutilmoqda.





