add

Rossiya aktivlari o‘rniga: Yevroittifoq Ukraina uchun 90 mlrd yevro kreditni ma’qulladi

Bugun 17:35922 daqiqa

Yevropa Ittifoqi yetakchilari Ukrainaga 2026-yil uchun 90 mlrd kredit ajratishga kelishdi, mablag‘lar Rossiya aktivlari emas, balki Yevroittifoq budjeti kafolati bilan beriladi.

Rossiya aktivlari o‘rniga: Yevroittifoq Ukraina uchun 90 mlrd yevro kreditni ma’qulladi

Yevropa Ittifoqi yetakchilari 19-dekabrga o‘tar kechasi 15 soatlik muzokaralardan so‘ng Ukraina moliyalashtirilishi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshtaning ma’lum qilishicha, Kiyevga 90 mlrd yevro miqdorida kredit ajratiladi.

Qaror vaqtinchalik va kompromiss xarakteriga ega bo‘lib, Ukraina byudjeti uchun 2026 yilda barqaror moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni ta’minlashni ko‘zlaydi. Birinchi transhni 2026 yil ikkinchi choragida ajratish rejalashtirilgan.

Ushbu moliyaviy mexanizmning asosiy xususiyati — kredit qaytarish shartlaridir. Ukraina mazkur qarzni faqat Rossiya reparatsiya to‘laganidan keyin qaytarishi lozim bo‘ladi. Agar Moskva ixtiyoriy ravishda kompensatsiya to‘lamasa, Yevropa Ittifoqi kelgusida muzlatilgan Rossiya aktivlaridan qarzni qoplash huquqini saqlab qoladi.

Shu bilan birga, Rossiyaga tegishli aktivlar hozircha to‘liq muzlatilgan holda qoladi. 210 mlrd yevro atrofida baholanayotgan ushbu aktivlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlatish masalasi keyinga qoldirildi.

Kelishuv barcha davlatlar uchun moliyaviy jihatdan bir xil emas. Vengriya, Slovakiya va Chexiya ushbu kreditni moliyalashtirishda ishtirok etmasligini rasman ma’lum qildi. Ushbu davlatlar siyosiy veto qo‘ymagan bo‘lsa-da, moliyaviy yuk qolgan a’zo mamlakatlar zimmasiga tushadi.

Yakunlangan formula Germaniya kansleri Fridrix Mers va Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen uchun siyosiy mag‘lubiyat sifatida baholanmoqda. Ular Rossiya aktivlaridan to‘g‘ridan to‘g‘ri foydalanishni qo‘llab-quvvatlagan edi. Biroq Belgiya bosh vaziri Bart De Vever, aktivlar saqlanayotgan Euroclear tizimi uchun moliyaviy va huquqiy xatarlarni asos qilib, bu g‘oyaga qarshi chiqdi.

Natijada, Yevropa Ittifoqi hozircha budjet kafolatlari orqali Ukrainaga yordam berish yo‘lini tanladi.

Teglar

Mavzuga oid