
Rossiya avtomobil bozori qayta inqirozga yuz tutdi
Rossiya avtosanoati 2022 yildagi «klinik o‘lim»dan keyin tiklanishga uringan bo‘lsa-da, 2025 yil boshidan yana pasayishga yuz tutdi: yanvar–sentyabrda ishlab chiqarish 20 foizga qisqardi.

Rossiya avtomobil sanoati yana og‘ir inqiroz davrini boshdan kechirmoqda. Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida mamlakatdagi avtomobil ishlab chiqarish hajmi 20 foizga pasayib, 2022 yil boshidagi «urush shoki»dan keyingi minimal ko‘rsatkichlarga qaytdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, har chorakda inqiroz yanada kuchaymoqda: birinchi chorakda 9,2 foiz, ikkinchisida 23 foiz, uchinchisida esa 26,7 foizlik pasayish qayd etilgan. Ilgari Rossiya avtosanoati yillik ishlab chiqarish hajmini 1 million avtomobildan oshirgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 450 mingtaga tushib ketgan — bu 1970-yillar boshidan beri eng past natija hisoblanadi.
Germaniyadagi Xalqaro xavfsizlik muammolari instituti tahlilchisi Yanis Klyugening ta’kidlashicha, o‘tgan yili Rossiyada ishlab chiqarish sanksiyalargacha bo‘lgan darajaning 80 foiziga yetib qaytgandi, ammo bu yil yana yarmiga tushib ketdi. Eng katta yo‘qotishni yuk avtomobillari ishlab chiqaruvchi korxonalar ko‘rmoqda — ularda ishlab chiqarish 9 oyda 30 foiz, sentyabrda esa 41 foizga qisqargan.
Yirik ishlab chiqaruvchi «Avtovaz» 2024 yilda 500 mingta Lada avtomobili sotgan bo‘lsa, 2025 yil uchun rejani 300 mingtaga tushirdi. Korxona Tolyattidagi zavodda ish haftasini 4 kunga qisqartirdi. «KamAZ» esa 9 oyda 29,1 mlrd rubl miqdorida zarar ko‘rdi — bu o‘tgan yilga nisbatan 7,6 baravar ko‘p.

Avtomobil bozoridagi inqirozning asosiy sababi moliyaviy qiyinchiliklar bo‘ldi. Rossiyada yangi mashinalarning 80 foizi kredit asosida sotiladi, ammo Markaziy bank 20 yil ichidagi eng yuqori stavkani joriy etganidan so‘ng aholining qarz olish imkoniyati keskin cheklandi. Buning natijasida 9 oyda avtomobil savdolari 22 foizga kamaydi.
Iqtisodiy tanglik va jismoniy shaxslarning qarz olish layoqati pasayishi tufayli mamlakat bo‘ylab yuzlab avtosalonlar faoliyati to‘xtatildi. Ayrim yirik shaharlarda ularning soni keskin qisqardi: Rostov-Donda — 29 foiz, Sankt-Peterburgda — 18 foiz, Krasnoyarskda — 17 foiz, Moskvada — 11 foizga.
FRESH avtomobil marketpleysi rivojlanish direktori Yuriy Chistov bu holatni shunday izohladi:
«2025 yilda Rossiya avtomobil bozorida deyarli «ideal bo‘ron» yuz berdi — aholi daromadlari o‘smayapti, kreditlar qimmatlashdi, ishlab chiqarish esa qayta tanazzulga yuz tutdi».





