
Rossiya bakalavr va magistratura tizimidan voz kechmoqda
2026 yildan Rossiya universitetlarida ta’lim tizimi tubdan yangilanib, an’anaviy bakalavr va magistratura bosqichma-bosqich bekor qilinadi.

Rossiyada oliy ta’lim tizimi 2026 yil 1-sentabrdan boshlab bosqichma-bosqich isloh qilinadi. Ta’lim va fan vazirligi ma’lum qilishicha, mamlakat universitetlari bakalavriat va magistraturani o‘z ichiga olgan Bolonya tizimidan to‘liq voz kechadi. Yangilangan model milliy iqtisodiyot ehtiyojlariga mos, amaliy yo‘naltirilgan kadrlar tayyorlashni maqsad qiladi.
Yangi tizimga muvofiq, oliy ta’lim ikki asosiy formatda tashkil etiladi. Bazaviy oliy ta’lim 4 yildan 6 yilgacha davom etadi va umumiy kasbiy tayyorgarlikni qamrab oladi. Ikkinchi bosqich — ixtisoslashgan oliy ta’lim bo‘lib, u 1 yildan 3 yilgacha mo‘ljallangan va muayyan kasbiy, boshqaruv yoki ilmiy yo‘nalishda chuqur bilim berishga qaratilgan.
Aspirantura esa alohida maqomga ega mustaqil kasbiy ta’lim bosqichi sifatida saqlab qolinadi. Bu bosqich ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar tayyorlashga yo‘naltiriladi. Rasmiylar ta’kidlashicha, amalda o‘qiyotgan talabalar uchun o‘tish jarayoni keskin bo‘lmaydi.
Yangi tizim qachondan amal qilinadi
Vazirlikning ma’lumotiga ko‘ra, yangi tizim avvalo yetakchi oliy o‘quv yurtlarida joriy etiladi. 2027–2028 o‘quv yilidan esa u to‘liq kuchga kirib, muassis yoki mulkchilik shaklidan qat’i nazar, Rossiyadagi barcha universitetlarni qamrab oladi.
Davlat Dumasi vakillari ta’kidlashicha, islohotlar natijasida «bakalavr» va «magistr» atamalari bekor qilinadi. Bazaviy ta’limni tugatgan bitiruvchilarga esa davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan ish o‘rinlari uchun tanlovlarda ishtirok etish huquqi beriladi. Bu qaror 2022 yildan keyin qabul qilingan umumiy ta’lim siyosatining davomi sifatida baholanmoqda.





