add

Rossiya benzin va dizel eksporti taqiqini uzaytirdi

Bugun 14:252 daqiqa

Ichki yoqilg‘i bozori barqarorligini saqlash maqsadida eksport cheklovlari 2026 yil fevral oxirigacha amal qiladi.

Rossiya benzin va dizel eksporti taqiqini uzaytirdi

Rossiya avtomobil benzini va dizel yoqilg‘isini eksport qilishga qo‘yilgan vaqtinchalik taqiqni 2026 yil bahorigacha uzaytirdi. Rossiya hukumati ma’lum qilishicha, tegishli qarorlar 25 va 26-dekabr kunlari qabul qilingan bo‘lib, cheklovlar ichki yoqilg‘i bozorida barqaror vaziyatni saqlab qolishga qaratilgan.

Qarorga muvofiq, avtomobil benzinini Rossiya hududidan tashqariga olib chiqishga qo‘yilgan vaqtinchalik taqiq 2026 yil 28-fevral kunigacha, shu jumladan ushbu sanada ham amal qiladi. Ushbu cheklov barcha eksport qiluvchilarga, jumladan neft mahsulotlarini bevosita ishlab chiqaruvchi korxonalarga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Shu bilan birga, dizel yoqilg‘isi eksportiga qo‘yilgan taqiq ham 2026 yil 28-fevral kunigacha uzaytirildi. Mazkur cheklov kema yoqilg‘isi, turli gazoyllar hamda birja savdolari orqali xarid qilingan neft mahsulotlarini eksport qilishni ham qamrab oladi. Biroq dizel yoqilg‘isi bo‘yicha cheklovlar neft mahsulotlarini bevosita ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Ma’lum qilinishicha, yangi cheklovlar qarorlar rasman 28-dekabrdan kuchga kiradi. Bunda avtomobil benzini eksportiga doir taqiq xalqaro hukumatlararo bitimlar doirasida amalga oshiriladigan yetkazib berishlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Rossiyada benzin eksportiga doir cheklovlar ilk bor joriy yil iyul oyi oxirida kiritilgan edi. O‘shanda eksport to‘liq taqiqlanib, cheklovlar yoz mavsumi oxirigacha amal qildi. Keyinchalik, sentabr oyi yakunida mazkur taqiq 2025 yil oxirigacha uzaytirilgan edi. Yangi qaror bilan esa eksport cheklovlari 2026 yilning bahorigacha saqlab qolinmoqda.

Teglar

Mavzuga oid