add

Rossiya bozorida yangi brendlar soni qariyb 40 foizga qisqardi

28.10.2025 | 10:301572

Rossiya bozoriga kirib kelayotgan yangi brendlar soni 2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida o‘tgan yilga nisbatan 37,5 foizga kamaydi. Bu aholi xarid qobiliyatining pasayishi va kredit olish imkoniyatlarining cheklangani bilan izohlanmoqda.

Rossiya bozorida yangi brendlar soni qariyb 40 foizga qisqardi

Rossiyada yangi brendlar faoliyati keskin pasaydi. «Kommersant’» nashri CMWP konsalting kompaniyasi ma’lumotlariga tayanib yozishicha, 2025 yilning to‘qqiz oyida mamlakat bozoriga jami 27 ta yangi brend kirgan — bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 40 foizga kam. Tahlilchilar yil yakunigacha 42 ta yangi marka paydo bo‘lishini kutmoqda, bu esa 2024 yildagi ko‘rsatkichning yarmiga teng.

Mutaxassislar bu holatni aholi xarid qobiliyatining pasayishi va kredit olish imkoniyatlarining cheklangani bilan izohlashmoqda. REC+retail group hammuassisi Nataliya Kermedchiyevaning ta’kidlashicha, «Sberindeks» ma’lumotlariga ko‘ra, 13–19 oktyabr haftasida rossiyaliklarning real iste’mol xarajatlari yillik hisobda 1,3 foizga kamaygan. Shu bilan birga, savdo markazlariga tashriflar ham pasaymoqda — Focus Technologies baholashicha, yil yakuniga borib, bu ko‘rsatkich 3 foizga tushishi mumkin.

Yangi kirgan brendlarning deyarli yarmi (48 foizi) kiyim savdosiga ixtisoslashgan. Ularning ulushi bir yil ichida 12 foiz punktga oshgan: bu yil 13 ta yangi kiyim brendi paydo bo‘lgan, o‘tgan yili esa 15 ta edi. Shu bilan birga, atir va kosmetika do‘konlari ulushi 12 foizdan 4 foizgacha, maishiy texnika va elektronika bo‘yicha brendlar ulushi esa 17 foizdan 7 foizgacha qisqargan. Yangi poyabzal markalari esa umuman chiqmagan.

Yangi kiyim brendlarining 94 foizi faqat onlayn savdo orqali ish boshlagan. Ular o‘z veb-saytlari yoki marketpleyslar orqali mahsulot sotmoqda, deydi IBC Real Estate tahlil bo‘limi rahbari Yekaterina Nogay.

Shu bilan birga, bozordagi rotatsiya ham yuqori. CORE.XP ma’lumotlariga ko‘ra, Moskvada 2025 yil aprel–iyun oylarida 29 ta brend kiyim do‘konlari yopilgan (o‘tgan yili 19 ta edi). Bu umumiy yopilgan do‘konlar ulushining 38 foizini tashkil etgan. Kermedchiyevaning so‘zlariga ko‘ra, do‘konlar asosan ijara haqining o‘sishi va mijozlar oqimining kamayishi sababli faoliyatni to‘xtatmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Rossiya bozorida yangi brendlar soni qariyb 40 foizga qisqardi | Vaqt.uz