
Rossiya «British Council»ni «noqonuniy tashkilot» deb e’lon qildi
05.06.2025 | 20:0022073
Rossiya Bosh prokuraturasi «British Council»ni mamlakat manfaatlariga tahdid sifatida baholab, uni rasman «noqonuniy tashkilot» deb topdi. Tashkilot ingliz tilini o‘rgatish niqobi ostida Britaniya g‘oyalarini tarqatayotganlikda va ta’qiqlangan harakatlarni qo‘llab-quvvatlayotganlikda ayblanmoqda.

Rossiya hukumati 5 iyun kuni Britaniyaga aloqador «British Council» tashkilotini mamlakatda noqonuniy deb e’lon qildi. Bu qaror ortida Rossiya tomonidan tashkilotning Buyuk Britaniya manfaatlarini targ‘ib qilish, Rossiya ichki va tashqi siyosatiga nisbatan tanqidiy pozitsiyada turish va «ekstremistik» deb topilgan LGBT harakatini qo‘llab-quvvatlayotgani ayblovlari yotibdi.
Rossiya Federal xavfsizlik xizmati — FSB tomonidan taqdim etilgan dalillar asosida chiqarilgan qarorda «British Council» turli loyihalar orqali Rossiya siyosatiga putur yetkazishga urinayotgani qayd etilgan. Davlat axborot agentliklari xabariga ko‘ra, FSB Britaniyani «jahon inqirozlarining bosh manbai va urushlarning qo‘zg‘atuvchisi» sifatida atagan.
Shuningdek, FSB Britaniyani jahondagi mojarolarni chuqurlashtirish, geosiyosiy raqiblarini zaiflashtirish va hatto o‘z ittifoqchilarini ham beqarorlashtirishda ayblagan. «London davlat to‘ntarishlarini tashkil etib, millatlarni o‘zaro to‘qnashtirmoqda», — deyiladi bayonotda.
«British Council» — 1934 yilda tashkil etilgan Britaniya tashqi ishlar vazirligiga qarashli madaniy va ta’lim tashkiloti hisoblanadi. U dunyo bo‘ylab 200 dan ortiq davlat va hududda faoliyat yuritadi va asosan ingliz tilini o‘rgatish, ta’lim dasturlari va madaniy aloqalarni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi. Rossiyada esa bu tashkilot 2018 yildan beri rasman faoliyat yuritmaydi.
Rossiyada «noqonuniy tashkilot» deb topilgan tuzilmalar faoliyati taqiqlanadi. Ularning ishlarida ishtirok etgan shaxslar bir necha yillik qamoq jazosi bilan jazolanishi mumkin. Bu siyosat so‘nggi yillarda mustaqil jamiyat institutlariga qarshi bosimning kuchayishi fonida amalga oshirilmoqda.





