add

Rossiya byudjetidagi ulkan kamomad fonida Senat soliqlarni oshirishni taklif qilmoqda

17.07.2025 | 09:3023124

Rossiya iqtisodiyotida neftdan tushgan daromad kamayib, byudjetida 3,7 trln rubllik tuynuk vujudga keldi. Federatsiya Kengashi hukumatdan soliq imtiyozlarini bekor qilish, xususiylashtirishni jadallashtirish va yashirin ish haqiga qarshi kurashishni talab qilmoqda.

Rossiya byudjetidagi ulkan kamomad fonida Senat soliqlarni oshirishni taklif qilmoqda
Rossiya byudjetida vujudga kelgan ulkan kamomad fonida Federatsiya Kengashi hukumatni yangi daromad manbalarini izlashga chaqirdi. Bu haqda byudjet va moliya bozori qo‘mitasi raisi Anatoliy Artamonov ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiy ko‘rsatkichlar haqidagi baholar tobora pessimistik tus olmoqda va neft, gazdan tushadigan daromadlar keskin kamaymoqda. Senatorning ta’kidlashicha, hozirgi sharoitda davlat «barcha mavjud resurslarni» ishga solishi kerak. Jumladan, federal byudjetda katta ulushni tashkil etayotgan soliq imtiyozlarini qayta ko‘rib chiqish va ularni qisqartirish masalasi kun tartibiga chiqarildi. Bundan tashqari, Artamonov Rossiyada «konvertda ish haqi» kabi yashirin ish bilan bog‘liq holatlar hanuz yuqori darajada ekanini tan oldi. Hukumatning avvalgi baholashicha, bu kabi ish haqi umumiy yillik hajmi 10 trln rublga yetmoqda. Bu esa byudjet uchun katta yo‘qotishlarga olib kelmoqda. Shuningdek, senator davlatning xususiylashtirish masalalariga yetarli darajada e’tibor qaratmayotganini tanqid qildi. Uning fikricha, bu yo‘nalish ham davlat xazinasini to‘ldirishda muhim manba bo‘lishi mumkin. Rossiya Moliya vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarmida neft-gaz daromadlari 17 foizga kamaygan. Shu paytda umumiy xarajatlar 20 foizga oshgan. Buning natijasida byudjetda 3,7 trln rubllik kamomad vujudga kelgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6 barobar ko‘p. Boshqa tomondan, milliy farovonlik fondi zaxiralari ham sezilarli ravishda qisqargan. Urush boshlanishi arafasida 120 mlrd dollar bo‘lgan aktivlar, 2025 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, 52,6 mlrd dollargacha qisqargan. Bu shunday sur’atda davom etsa, kelasi yili bu zaxiralar to‘liq sarflanishi mumkinligi haqida iqtisodchilar ogohlantirmoqda.  

Teglar

Mavzuga oid

Rossiya byudjetidagi ulkan kamomad fonida Senat soliqlarni oshirishni taklif qilmoqda | Vaqt.uz