Rossiya chegaralari yaqinida yadro quroli paydo bo‘lishi mumkin

Bugun 08:302 daqiqa

Litva Vashington bilan o‘z hududida yadro qurolini joylashtirish ehtimolini muhokama qilmoqda.

Rossiya chegaralari yaqinida yadro quroli paydo bo‘lishi mumkin

Litva o‘z hududida AQSHning yadro qurolini joylashtirish imkoniyati bo‘yicha Vashington bilan muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda mamlakat milliy mudofaa vaziri Robertas Kaunas ma’lum qildi.

«Financial Times» nashrining yozishicha, AQSH NATOning ayrim Yevropa davlatlarida yadro quroli infratuzilmasini kengaytirish variantlarini ko‘rib chiqmoqda.

Nashr manbalariga ko‘ra, gap yadroviy o‘q-dorilarni tashish imkoniyatiga ega Amerika harbiy samolyotlarini joylashtirish haqida bormoqda. Litva ham ehtimoliy ishtirokchilar qatorida tilga olingan.

«Litva, albatta, bu jarayondan chetda qolmaydi», — dedi Kaunas.

Konstitutsiyaviy to‘siq

Ayni paytda Litva Konstitutsiyasi mamlakat hududida ommaviy qirg‘in qurollarini joylashtirishni taqiqlaydi.
Shunga qaramay, mamlakat prezidenti Gitanas Nauseda geosiyosiy vaziyatni inobatga olgan holda asosiy qonunga tegishli o‘zgartirishlar kiritish tashabbusi bilan chiqqan.

Hozirda AQSHning yadro qurolini tashishga qodir samolyotlari Belgiya, Germaniya, Italiya, Niderlandiya, Turkiya va Buyuk Britaniyadagi harbiy bazalarda joylashtirilgan.

Buyuk Britaniya esa NATO doirasidagi ishtirokidan tashqari o‘z milliy yadro arsenaliga ham ega davlat hisoblanadi.

Mintaqadagi harbiy keskinlik

Litva Belarus bilan chegaradosh bo‘lib, Minsk va Moskva o‘rtasidagi harbiy hamkorlik so‘nggi yillarda kuchaygan.

May oyida Rossiya va Belarus harbiylari taktik yadro qurolidan foydalanish ssenariylarini o‘z ichiga olgan qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazgan edi. Mashg‘ulotlarni Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko masofadan turib kuzatgan.

Shuningdek, Litva Rossiyaning Kaliningrad oblasti bilan ham chegaradosh hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid