
Rossiya dronlar uchun Eronga qariyb 4 tonna oltin to‘ladi
30.05.2025 | 13:404193
Rossiya Irondan Shahed-136 turidagi zarba beruvchi dronlarni xarid qilish uchun qariyb 4 tonna oltin to‘lagan, deb yozyapti The Moscow Times. Mazkur to‘lovlar AQSH sanksiyalarini chetlab o‘tish va moliyaviy operatsiyalarni maxfiy saqlash maqsadida amalga oshirilgan.

2023 yil 16 martda Rossiyaning «Alabuga» maxsus iqtisodiy zonasi va Eronning Sahara Thunder kompaniyasi o‘rtasida tuzilgan qo‘lyozma shartnomaga ko‘ra, Rossiya 1,8 tonnadan ortiq oltinni 104 mln dollar miqdorida to‘lagan. 5 aprelda esa yana bir partiya — 2 tonnadan ziyod oltin yuborilgan, ammo bu to‘lovning tafsilotlari oshkor etilmagan. Ushbu oltinlar dronlar yetkazib berish va ularni Rossiyada yig‘ish uchun to‘langan.
Tahlilchilarga ko‘ra oltin orqali hisob-kitoblar dollardagi operatsiyalarga nisbatan sanksiyalarga kamroq duchor bo‘ladi va ishtirokchilar uchun yuqori maxfiylikni ta’minlaydi. Bundan tashqari Rossiya tomoni ba’zi to‘lovlarni Dubaydagi banklar orqali dirhamlarda amalga oshirgan. Bu maqsadda BAAning erkin iqtisodiy zonalaridagi moliyaviy infratuzilmalardan foydalanilgan.
Sahara Thunder kompaniyasi 2024 yil aprelda AQSH tomonidan sanksiyalarga uchragan. Sababi — Eron Mudofaa vazirligi bilan bog‘liqligi va Rossiyaga dronlar yetkazib berishda ishtirok etishi. Sanksiyalardan so‘ng, kompaniya tugatish jarayonini boshlagan, ammo tahlilchilar uning o‘rnini tez orada yangi yuridik shaxs egallashi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Rossiya va Eron o‘rtasidagi bu hamkorlik ikki davlatning sanksiyalarga qarshi turish va o‘z harbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan strategiyasini namoyon etmoqda. Bu holat xalqaro sanksiyalarning samarasiga shubha uyg‘otadi va yangi geosiyosiy muvozanatlarning shakllanishiga olib kelishi mumkin.





