
Rossiya dronlari Polshaga bostirib kirganiga NATO javob hozirlamoqda
12.09.2025 | 10:0026664
NATO Polsha hududiga kirib kelgan Rossiya dronlari ortidan Sharqiy Yevropada harbiy choralar ko‘rishni boshlaganini ma’lum qildi.

Bloomberg manbasiga ko‘ra, NATO Polsha hududiga Rossiya dronlari yopirilib kirganidan so‘ng Sharqiy flangda «mudofaaga asoslangan harbiy javob» ustida ish boshlagan. Bu harakatlar ittifoqning so‘nggi yillardagi eng jiddiy to‘qnashuv ehtimoliga tayyorgarligi sifatida baholanmoqda.
Bu choralarni muvofiqlashtirish NATOning Yevropadagi birlashgan qo‘shinlar oliy qo‘mondoni general Aleksus Grinkevich zimmasiga yuklatildi. U 11 sentyabr kuni Litva poytaxti Vilnyusda chiqish qilib, «o‘rganiladigan saboqlar ko‘p» ekanini va NATO «tahdidlarga qarshi kuchliroq javob berish uchun» o‘z salohiyatini oshirishini ta’kidladi.
10 sentyabr kuni Rossiyaning 20 ga yaqin droni Ukrainaga hujum uyushtirib, Polsha havo kengliklarini buzib kirgan. Beshta dron Lyublin voyevodasida yerga quladi, biri esa Viriki qishlog‘idagi turar-joyga ziyon yetkazdi.
NATO havo kuchlari birinchi marta to‘g‘ridan to‘g‘ri ushbu hujumlarga javoban qo‘llanildi. Bu voqea Polshada misli ko‘rilmagan harbiy safarbarlikka sabab bo‘ldi — mamlakat Rossiya va Belarus chegarasiga 40 ming askar jo‘natdi.
Fransiya va Britaniya Polshaga Rafale va Eurofighter qiruvchi samolyotlarini yuborishga va’da berdi. Niderlandiya ikkita Patriot havo hujumidan himoya tizimini jo‘natishini aytdi. Germaniya esa havo himoyasini kuchaytirish va Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar ustida ish boshlashini bildirdi.
Polsha Bosh vaziri Donald Tusk hujumni «Ikkinchi jahon urushidan buyon eng xavfli vaziyat», deb atadi. Rossiya tomoni esa bu hujum rejalashtirilmaganini aytib, Varshava bilan keskinlikni oshirish niyati yo‘qligini bildirdi.





