add

Rossiya elektromobillarni Qrim ko‘prigidan o‘tishni taqiqladi

Bugun 20:252352

3 noyabrdan boshlab Qrim ko‘prigi orqali elektromobil va hibrid avtoulovlar harakati taqiqlanadi. Hukumat bu qarorni antiterror xavfsizligi talablari bilan izohlamoqda.

Rossiya elektromobillarni Qrim ko‘prigidan o‘tishni taqiqladi

Rossiyaning Krasnodar o‘lkasi hokimiyati Qrim ko‘prigi orqali elektromobil va hibrid avtomashinalarning harakatini taqiqlashga qaror qildi. TASS agentligi xabar berishicha, bu chora «antiterror komissiya tavsiyasi»ga muvofiq qabul qilingan va gubernator Veniamin Kondratyev imzolagan hujjat 3 noyabrdan kuchga kiradi.

Taqiq A-290 trassasining Novorossiysk–Kerch yo‘nalishidagi Tamandan Qrim ko‘prigi boshlanishigacha bo‘lgan qismiga taalluqli. Elektromobil egalariga Rossiya tomonidan ishg‘ol qilingan Ukraina hududi orqali — Taganrogdan Jankoygacha, Zaporijjya va Luhansk orqali o‘tuvchi yer usti yo‘lidan foydalanish tavsiya etilgan.

Rossiya hukumati bu qarorni terrorchilik xavfi bilan bog‘lamoqda. 2022 yil oktyabrida ko‘prikda sodir bo‘lgan portlash natijasida besh kishi halok bo‘lganidan so‘ng, ob’ektdagi xavfsizlik qoidalari keskin kuchaytirilgan: yuk mashinalariga harakat taqiqlangan, yengil avtoulovlar to‘liq tekshiruvdan o‘tadi, harakat esa vaqti-vaqti bilan to‘xtatib turiladi.

Rossiya ommaviy axborot vositalari ma’lumoticha, bu qaror FSBning ogohlantirishi bilan bir vaqtda qabul qilingan — Ukraina go‘yo mina o‘rnatilgan elektromobillar orqali ko‘prikka hujum qilishni rejalashtirgani aytilgan. Xavfsizlik xizmatlari avval Chevrolet Volt avtomobilidagi portlovchi moddani aniqlab, uni zararsizlantirganini ma’lum qilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina maxsus xizmatlari mina o‘rnatilgan avtomobilni Gurjiston orqali Krasnodar o‘lkasiga yetkazib, ko‘prikni kesib o‘tish uchun boshqa haydovchiga topshirmoqchi bo‘lgan. Ammo FSB mashinani ushlab, barcha ishtirokchilarni qo‘lga olgan.

Rossiya hukumati bu ta’qiqni Ukraina tomonidan so‘nggi paytlarda amalga oshirilayotgan infratuzilma va neft zavodlariga hujumlar bilan bog‘lamoqda. Moskvada elektromobillar va dronlar diversiya vositasi sifatida qo‘llanilishi mumkinligidan xavotir bildirilgan. Kiyev esa Qrim ko‘prigini yo‘q qilishni o‘zining asosiy harbiy maqsadlaridan biri deb ataydi.

Teglar

Mavzuga oid

Rossiya elektromobillarni Qrim ko‘prigidan o‘tishni taqiqladi | Vaqt.uz