
Rossiya generallari Putinga va’da qilingan front qulashini amalga oshira olmadi
Generallar Vladimir Putinga Ukraina fronti kuzga borib yemirilishini va’da qilgan, ammo noyabr kirib kelgan ekan, Moskva hech qanday sezilarli natijaga erishgani yo‘q.

Reuters agentligining yozishicha, Rossiya Bosh shtabi avgust boshida Vladimir Putinga Ukraina fronti 2–3 oy ichida, ya’ni noyabrga qadar yemirilishi haqida va’da bergan. Biroq bu muddat tugab borayotgan bo‘lsa-da, Rossiya armiyasi sezilarli yutuqlarga erisha olmagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning iyun oyidan buyon boshlangan yozgi hujum davomida Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududining atigi 0,4 foizini egallay oldi. Bunday sur’atda Donetsk, Luhansk, Xerson va Zaporijjya oblastlarini to‘liq bosib olish uchun Rossiyaga 100 yildan ziyod vaqt kerak bo‘ladi.
Avstriyadagi Viner-Noyshtadt harbiy akademiyasi professori, ekspert Markus Raysner ta’kidlashicha, Rossiya frontni yorib o‘ta olmagan bo‘lsa-da, hozircha tashabbus unda qolmoqda — biroq bu «toshbaqa tezligida ilgarilash». Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi haftalarda Pokrovsk atrofidagi vaziyat keskin yomonlashgan. Rossiya armiyasi Donbassdagi bu shaharni qamalga olish uchun 11 ming askar yo‘llagan, umumiy hisobda esa mintaqada 170 ming harbiy to‘plangan.
Pokrovsk yaqin haftalarda qulashi mumkin, ammo bu Rossiya uchun «operativ burilish» bo‘lmaydi, deydi Raysner. Urushdan avval 400 mingga yaqin aholi yashagan, yiliga 2 mln tonnadan ziyod ko‘mir ishlab chiqargan shahar hozirda vayronaga aylangan va aholisining 99 foizini yo‘qotgan. Rossiya bu hududni 2024 yil boshidan beri egallashga urinib kelmoqda.
Ekspertning ta’kidlashicha, frontning boshqa besh nuqtasi — Kupyansk, Liman, Seversk, Novopavlivka va Konstantinivka ham doimiy jangovar holatda. Ukraina dronlardan foydalanib, resurs va inson yetishmasligini bartaraf etmoqda. Rossiya esa front bo‘ylab bir vaqtning o‘zida ko‘plab birvarakay hujumlar tashkil etmoqda, bu esa shaharlarni ketma-ket vayron qilish xavfini kuchaytiradi.
NBC manbalariga ko‘ra, Putin frontdagi muvaffaqiyatsizlikka qaramasdan, urushni davom ettirish niyatida. Vashingtondagi manbalar Rossiya rahbari iqtisodiy inqiroz va jamiyatdagi toliqishga qaramasdan, yangi hududlarni bosib olish orqali urushni oqlashga harakat qilayotganini bildirmoqda.
Markus Raysnerning so‘zlariga ko‘ra, Putin bir vaqtning o‘zida yangi mojarolarga tayyorgarlik ko‘rmoqda va Rossiya harbiy salohiyatini oshirish ustida ishlayapti. «Bu sa’y-harakatlar qanchalik samara beradi — buni sanksiyalar ta’siri va iqtisodiy natijalar ko‘rsatadi. Ammo hozircha Rossiya uzoq davom etadigan urushga tayyorgarlik ko‘rayotgani aniq», — dedi u.





