
Rossiya Hisob palatasi mamlakat iqtisodiyotida retsessiya xavfi haqida ogohlantirdi
15.10.2025 | 21:4117285
Rossiya Hisob palatasi 2026 yilda iqtisodiy faollik pasayishi va YAIM qisqarishi ehtimolini bildirdi. Bunday xavf yuqori tariflar va qattiq pul-kredit siyosati ortidan kelishi mumkin.

Rossiyada iqtisodiy retsessiya ehtimoli yanada kuchaydi. Bu haqda Hisob palatasi 2026–2028 yillar davlat byudjeti loyihasiga bergan xulosasida ma’lum qildi. Hisobotda ta’kidlanishicha, tariflarning keskin oshishi inflyatsiyani 4 foizlik maqsad darajasiga qaytarish uchun Rossiya Markaziy bankidan qattiqroq siyosat talab qiladi, bu esa iqtisodiy faollikni cheklab, natijada YAIM qisqarishiga olib kelishi mumkin.
Palata ayniqsa uy-joy kommunal xo‘jaligi xizmatlari (JKX) narxlarining keskin o‘sishidan norozilik bildirdi. 2025 yil oktyabrida JKX tariflari yana 9,9 foizga oshiriladi. Bu xizmatlar aholi sarf-xarajatlarining 10 foizini tashkil etadi va kredit stavkalari o‘sishiga sabab bo‘ladi. Hukumat, bundan tashqari, dekabrda yuk va yo‘lovchi tashish xizmatlariga mos ravishda 10 foiz va 11,4 foizli qo‘shimcha oshirishni rejalashtirmoqda.
Yanvardan boshlab QQS stavkasini 20 foizdan 22 foizgacha oshirish rejalashtirilgan. Turli manbalar bu qaror narxlarni 0,6–1,5 foizgacha qimmatlashtirishi mumkinligini baholamoqda. Shu bilan birga, kichik biznes uchun imtiyozlar qisqartiriladi, patent tizimi bekor qilinadi va utilsizsiya yig‘imi oshiriladi.
Markaziy bank buni «bir martalik omillar» deb baholagan bo‘lsa-da, ularning ko‘pligi aholi inflyatsiya bo‘yicha kutilmalarini kuchaytiradi. RF Markaziy bankining hisob-kitobiga ko‘ra, uy-joy kommunal xo‘jaligi tariflarining yuqori sur’atlarda o‘sishi inflyatsiyaga kamida 0,4 foizli punkt qo‘shadi.
Bundan tashqari, 160 ot kuchidan yuqori dvigatelga ega avtomashinalar uchun utilizatsiya yig‘imini oshirish ham rejalashtirilgan. Iqtisodiy tahlilchilar bu chora iste’mol narxlari indeksi o‘sishiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qilishini ta’kidlamoqda.
Rossiya iqtisodiyoti bo‘yicha boshqa manbalar ham xavotir bildirgan. Kremlga yaqin Makroiqtisodiy tahlillar va qisqa muddatli prognozlar markazi (SMAKP) markazi hisob-ko‘rsatkichlariga ko‘ra, mamlakat retsessiyaga kirish ehtimoli yuqori. Ularning fikricha, yuqori stavkalar, biznes ishonchining pasayishi va ichki talabning susayishi YAIM o‘sishini to‘xtatishi mumkin.
Shu bilan birga, rasmiy prognozlarda hozircha pasayish ko‘zda tutilmagan. Iqtisodiy rivojlanish vazirligi 2026 yilda YAIM o‘sishini 0,8 foiz, Markaziy bank 1–2 foiz, Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi esa tegishlicha 0,8 foiz va 1 foiz atrofida bo‘lishini kutmoqda.
Hisob palatasi esa hukumatni ehtiyot bo‘lishga chaqirib, «iqtisodiy faollikni sun’iy cheklash mamlakatni retsessiya sari yetaklashi mumkin», deb ogohlantirdi.





