add

Rossiya hukumati 1,4 mingga yaqin migrantni deportatsiya qilishga qaror chiqardi

04.10.2025 | 21:2016263

Ular orasida og‘ir jinoyatlarda ayblangan va soxta hujjat bilan kirgan shaxslar ham bor bo‘lib, 450 dan ortig‘i allaqachon chiqarib yuborilgan.

Rossiya hukumati 1,4 mingga yaqin migrantni deportatsiya qilishga qaror chiqardi
Rossiya hukumati mamlakatda qonunbuzarliklar sodir etgan va noqonuniy yashab kelayotgan qariyb 1400 nafar xorijlik fuqaroni deportatsiya qilishga qaror qildi. Bu haqda Rossiya IIVning Moskva shahridagi Bosh boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil boshidan beri turli jinoyatlar, jumladan og‘ir jinoyatlarda ayblanayotgan 242 nafar, turli kasalliklarga chalingan 430 nafar hamda soxta hujjatlar bilan mamlakatga kirgan 100 dan ortiq migrant aniqlangan. Oqibatda, 1400 nafarga yaqin chet ellikka nisbatan deportatsiya haqida qaror chiqarilib, ulardan 450 dan ortig‘i allaqachon mamlakatdan chiqarib yuborilgan. Shu bilan birga, Rossiyada o‘tgan davr mobaynida 32 nafar shaxsning fuqaroligi bekor qilingan. Ularning asosiy qismi odam o‘g‘irlash, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik, giyohvand moddalar savdosi va milliy xavfsizlikka tahdid kabi og‘ir jinoyatlarda ayblangani qayd etilgan. IIV ma’lumoticha, yil davomida noqonuniy migratsiya bilan bog‘liq 2400 ta, chet elliklarni noqonuniy legallashtirish bo‘yicha esa 170 ta jinoyat holati aniqlangan. Barcha ishlar Rossiya qonunchiligidagi tegishli moddalar asosida sudga yuborilgan. Shu bilan birga, Rossiyada 344 nafar chet el fuqarosi soddalashtirilgan tartibda fuqarolik olgani ma’lum qilindi. Ular asosan «yuksak ma’naviy-axloqiy qadriyatlarga ega» hamda «neoliberal kun tartibini rad etgan» mamlakatlardan kelgani ta’kidlandi.

Teglar

Mavzuga oid