
Rossiya internetni o‘chirib qo‘yish bo‘yicha dunyoda yetakchi bo‘ldi
2025 yilda Rossiyadagi tizimli internet cheklovlari ko‘lami va iqtisodiy oqibatlari global miqyosda rekord darajaga chiqdi.

2025 yilda Rossiya internet senzurasi va uzilishlari bo‘yicha dunyoda katta farq bilan birinchi o‘rinni egalladi. Top10VPN tuzgan yillik reytingga ko‘ra, mamlakatda internet ishlamay qolgan vaqt jami 37 166 soatni tashkil etgan va bu deyarli 146 million foydalanuvchiga ta’sir ko‘rsatgan. Bu ko‘rsatkich uzilishlar davomiyligi bo‘yicha eng yaqin raqiblardan uch barobardan ham yuqori bo‘ldi.
Rossiyadan keyin Pokiston — 11482 soat, Myanma — 9888 soat va Ekvatorial Gvineya — 8760 soat joy olgan. Shuningdek, Iroq (7685soat), Albaniya (7056 soat), Tanzaniya (6966 soat) va Venesuelada (5952 soat) ham uzoq muddatli internet cheklovlari qayd etilgan. Biroq Rossiyadagi holat boshqa mamlakatlardan farqli ravishda alohida voqealar bilan emas, balki tizimli va umummilliy siyosat sifatida namoyon bo‘ldi.
Mutaxassislar mobil internet o‘chirilishi, ijtimoiy tarmoqlar sekinlashtirilishi va alohida resurslarga kirish cheklanishi sabab Rossiya iqtisodiyoti yiliga 11,9 milliard dollar zarar ko‘rganini baholagan. Bu summa reytingdagi qolgan barcha davlatlar umumiy yo‘qotishidan ham yuqori.
Xususan, 2025 yilda Rossiya «16 kilobayt» taktikasini joriy etib, Cloudflare infratuzilmasi orqali joylashtirilgan G‘arb saytlariga kirishni cheklay boshladi. Bu usulda foydalanuvchi sahifaning faqat dastlabki 16 kb qisminigina yuklay oladi.
2025 yilda jahon bo‘ylab 28 mamlakatda internet 212-marta cheklangan bo‘lib, umumiy uzilishlar davomiyligi 120 ming soatdan oshgan. Shundan 55 700 soat — internetning to‘liq o‘chirilishi, 54 026 soat — ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi, 12 712 soat — tezlikning pasaytirilishiga to‘g‘ri keladi. Dunyoda internet cheklovlaridan 798 million kishi zarar ko‘rgan, umumiy iqtisodiy yo‘qotish esa 19,7 milliard dollarni tashkil etgan.





