
Rossiya iqtisodiyoti 2025 yilni pasayish bilan boshladi
17.05.2025 | 12:3012303
Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning birinchi choragida Rossiya yalpi ichki mahsuloti 1,4 foizga o‘sgan — bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan to‘rt baravar past ko‘rsatkich. Mutaxassislar iqtisodiy retsessiya xavfidan ogohlantirmoqda.

The Moscow Times nashrining yozishicha, Rossiya iqtisodiyoti 2025 yilni kuchli sekinlashish bilan boshladi. 2024 yilning oxirgi choragida 4,4 foizga o‘sgan iqtisodiyot yangi yilda faqat 1,4 foizga o‘sishga erishgan. Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi va mustaqil tahlilchilar bu raqamlardan yaxshiroq natijalar kutayotgan edi.
Iqtisodiyot barcha sohalarda sustlashmoqda: sanoatdagi o‘sish 5,7 foizdan 1,1 foizga tushgan, chakana savdoda ham sur’at pasaygan, ulgurji savdo esa qisqarishni boshlagan. Temir yo‘l yuk tashish hajmi aprelda 10 foizga tushib ketdi. Bu omillar ikkinchi chorakda texnik retsessiya ehtimolini kuchaytirmoqda.
Shu bilan birga, Rossiya nefti (Urals) narxi rejalashtirilgan 70 dollar o‘rniga aprelda barreliga 54, mayga kelib esa 50 dollarga tushdi. Bu byudjetning neft-gaz daromadlariga salbiy ta’sir ko‘rsatdi — ushbu daromadlar 10 foizga kamaydi va byudjet taqchilligi 3 baravarga ko‘paydi.
Iqtisodiyotdagi pasayishga omillar sifatida Rossiya markaziy bankining qattiq pul-kredit siyosati, sanksiyalar, import muammolari va yuqori inflyatsiya keltirib o‘tilmoqda.
Ajablanarlisi, mutaxassislar fikricha, agar Ukraina bilan tinchlik kelishuvi imzolansa ham, iqtisodga yanada kuchli zarba berilishi mumkin. Chunki 2024 yildagi o‘sishning taxminan 40 foizini davlatning harbiy xarajatlari ta’minlagan. Ularning qisqarishi ishsizlik va ijtimoiy norozilikka olib kelishi mumkin.
Shu bois tahlilchilar Putin hatto tinchlik sharoitida ham mudofaa xarajatlarini yuqori darajada saqlashga majbur bo‘lishini taxmin qilmoqda.





