add

Rossiya iqtisodiyoti uchun 1990-yillardan beri eng yomon inqiroz xavfi — RF MB prognozi

29.10.2025 | 09:184552

Rossiya Markaziy banki «xavfli ssenariy»da mamlakat iqtisodi ikki yil ketma-ket pasayishini, neft narxi 35 dollarga tushsa va sanksiyalar kuchaysa, inflyatsiya 12 foizgacha chiqishini bashorat qilmoqda.

Rossiya iqtisodiyoti uchun 1990-yillardan beri eng yomon inqiroz xavfi — RF MB prognozi

Rossiya Markaziy banki iqtisodiyot uchun «xavfli ssenariy»ni taqdim etdi. Unga ko‘ra, agar neft narxi barreliga 30–35 dollarga tushsa va G‘arb sanksiyalari kuchaysa, mamlakat yalpi ichki mahsuloti 2026 yilda 2,5–3,5 foiz, keyingi yili yana 2–3 foizga qisqaradi. Bu ikki yillik retsessiya Rossiyada so‘nggi bor 1990-yillar o‘rtalarida kuzatilgan edi.

Markaziy bank hisob-kitobiga ko‘ra, iqtisodiy pasayish cho‘qqisi — 2026 yilning to‘rtinchi choragida o‘sish sur’atlari 6–7 foizga tushib ketadi. Eksport tushumlari 2026 yilda 108 mlrd, 2027 yilda yana 51 mlrd dollarga kamayib, umumiy hajm 255 mlrd dollargacha pasayishi kutilmoqda — bu 2005 yildan beri eng past ko‘rsatkich. Solishtirish uchun, o‘tgan yili Rossiya eksporti 434 mlrd dollar bo‘lgan, bu yil esa 414 mlrdga tushishi kutilyapti.

Hisobotda ta’kidlanishicha, «xavfli ssenariy» tashqi savdoda ziddiyatlarning kuchayishi, deglobalizatsiya jarayonlarining tezlashishi va jahon iqtisodiyoti o‘sish sur’atlarining keskin pasayishi bilan izohlanadi. Bunday sharoitda inflyatsiya 10,5–12,5 foizgacha ko‘tarilib, 2005 yildan buyongi rekordni yangilaydi. Markaziy bank asosiy stavkani 2026 yilda 17,5–19,5 fotz, 2027 yilda esa 18–20 foiz darajasigacha oshirishga majbur bo‘ladi.

Aholi uchun bunday ssenariyda yashash qiyinlashadi: xususiy iste’mol 2026 yilda 0,5–1,5 foiz, 2027 yilda esa 6–7 foizga qisqaradi. Biznes esa investitsiyalarni 2026 yilda 11–13 foiz, keyingi yilda yana 5–7 foizga kamaytiradi.

Markaziy bankning ogohlantirishicha, sanksiyalar va arzon neft sharoitida eksport hajmi qisqaradi, bu esa Milliy farovonlik fondidan faol foydalanishga majbur qiladi. Natijada, 2026 yil oxiriga borib, fond zaxiralari tezda tugashi mumkin.

Shu sharoitda hukumat xarajatlarni «nisbatan qisqartirish» orqali byudjetni sekvestr qilishga majbur bo‘ladi. Markaziy bank mart oyida 27 ta yirik tijorat bankida stress-test o‘tkazib, «xavfli ssenariy» sharoitida 400 ta asosiy korporativ mijozning barqarorligini baholagan.

Fevral oyida esa MB hukumatga yopiq hisobot taqdim etib, neft narxlarining uzoq muddat pasayishi ehtimoli haqida ogohlantirgan. Hisobotda AQSH va OPEC mamlakatlarining ishlab chiqarishni oshirish rejalari ta’kidlangan. Saudiya Arabistoni 1980-yillarda shunday yo‘l bilan narxlarni 30 dollardan 10–15 dollarga tushirgan va bu SSSRda valyuta krizisi hamda keyingi bankrotlikka olib kelgani eslatib o‘tilgan.

Teglar

Mavzuga oid