
Rossiya Markaziy banki 500 rubllik banknot dizayni bo‘yicha ovoz berishni bekor qildi
12.10.2025 | 23:4911244
Bunga sabab — Checheniston rahbari Ramzan Qodirov tarafdorlari va Z faollar o‘rtasidagi tortishuv hamda ovozlarni sun’iy oshirish urinishlari bo‘ldi.

Rossiya Markaziy banki 12 oktyabr kuni yangi 500 rubllik banknot uchun ramz tanlash bo‘yicha ovoz berishni rasman to‘xtatdi. Regulyator bu qarorni ovoz berish jarayonidagi ko‘plab qoidalar buzilishi va texnik «ovoz ko‘paytirish»ga urinishlari bilan izohladi.
Markaziy bank bayonotida ta’kidlanishicha, ayrim ishtirokchilar maxsus vositalar orqali ovozlar sonini sun’iy ko‘paytirishga harakat qilgan, bu esa natijalarni ishonchsiz qilgan. «Bu holat bizga ob’ektiv natija chiqarish imkonini bermaydi», — deyiladi rasmiy xabarda.
Bankning ma’lum qilishicha, yangi tanlov keyinroq o‘tkaziladi, variantlar ro‘yxati o‘zgarmasdan qoladi, ammo noxolis harakatlarning oldini olish uchun qo‘shimcha choralar ko‘riladi.
500 rubllik banknota uchun ovoz berish 1 oktyabrda boshlangan edi. Yangi kupyura Shimoliy Kavkaz federal okrugiga bag‘ishlanishi kerak edi. Old tomonda Pyatigorsk shahrining ramziy manzaralaridan biri tasvirlanishi rejalashtirilgan edi.
Biroq tortishuv Chechnyadagi «Grozniy-Siti» majmuasi va Elbrus tog‘ tizmasi o‘rtasida yuzaga keldi. Ramzan Qodirov shaxsan o‘z tarafdorlarini «Grozniy-Siti» uchun ovoz berishga chaqirgan, hatto iPhone 17 smartfonlarini sovg‘a qilish tanlovini e’lon qilgan.
Bunga javoban Z blogerlar va millatchilar Elbrus uchun ovoz berishga chaqirib, chechenlar tomonidan ovozlarni sun’iy oshirishda aybladilar.
Checheniston hukumati rasmiylari esa bu tanqidlarni rad etib, rus millatchilari va «beshinchi kolonna»ning provokatsiyasi deb baholadi. Vazir Ahmad Dudayevning ta’kidlashicha, bu hujumlar «millatlararo totuvlikka tahdid soladi» va «jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin».
Kreml esa yuzaga kelgan tortishuv yuzasidan hech qanday izoh bermagan.





