
Rossiya mehnat patentlarini qisman O‘zbekistonda rasmiylashtirish taklifi muhokama qilindi
30.05.2025 | 12:0025533
Saida Mirziyoyeva va Mixail Mishustin mehnat migratsiyasini soddalashtirish, Rossiyadagi ishlashga ruxsat berish jarayonlarini qisman O‘zbekistonga ko‘chirish masalasini muhokama qildi.

29-may kuni Moskvaga rasmiy tashrif bilan kelgan O‘zbekiston Prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin bilan uchrashdi. Tomonlar o‘zaro savdo, investitsiya, mehnat migratsiyasi va kadrlar tayyorlash masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv chog‘ida ishchi migratsiyasini tartibga solish borasida yangi tashabbuslar ko‘rib chiqildi. Jumladan, Rossiyada mehnat patentlarini rasmiylashtirish jarayonining ayrim bosqichlarini O‘zbekistonga ko‘chirish imkoniyati muhokama etildi. Bu migratsiya jarayonlarini soddalashtirish va vaqtini qisqartirishga xizmat qilishi mumkin.
Tomonlar sanoat va energetika sohalaridagi qo‘shma loyihalar sur’ati, shuningdek, yangi ta’lim tashabbuslarini amalga oshirish, xususan, oliy o‘quv yurtlari filiallarini ochish va MISiS muhandislik maktabini faoliyatga kiritish masalalarini ham muhokama qildi.
Saida Mirziyoyeva tashrif doirasida Rossiya prezidenti ma’muriyati rahbari Anton Vayno, uning o‘rinbosarlari Sergey Kiriyenko va Aleksey Gromov, prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy hamda Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenko bilan ham alohida uchrashuvlar o‘tkazdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya va O‘zbekiston Toshkentdagi Saxarov migratsiya markazi filialida rus tili bo‘yicha imtihonlarni yo‘lga qo‘yishga kelishib olgan edi. Shuningdek, O‘zbekistonliklar uchun patent olishga tayyorlovchi onlayn platforma ishga tushirilgan.
Aprel oyida esa migratsiya jarayonlarini to‘liq O‘zbekistonga ko‘chirish tashabbusi muhokama etilgan, Rossiya bu taklifni qo‘llab-quvvatlagan edi.





