add

Rossiya neft mahsulotlari eksporti 2022 yildan beri eng past darajaga tushdi

G‘arb sanksiyalari va Ukraina zarbalari oqibatida neft mahsulotlari eksporti oktyabr oyida sutkasiga 1,89 mln barrelgacha qisqardi — bu urush boshlanganidan beri eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.

Rossiya neft mahsulotlari eksporti 2022 yildan beri eng past darajaga tushdi

Bloomberg agentligining Vortexa Ltd. ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, Rossiya neft mahsulotlari eksporti 2025 yil oktyabrida rekord darajada pasaydi. Hisobotga ko‘ra, oyning ilk 26 kunida sutkalik eksport hajmi 1,89 million barrelni tashkil etdi — bu 2022 yil yanvaridan buyongi eng past ko‘rsatkichdir.

Eksport qisqarishiga asosiy sabab sifatida Ukraina hujumlari natijasida neftni qayta ishlash zavodlarining faoliyati to‘xtashi hamda G‘arb sanksiyalarining kuchaytirilishi ko‘rsatilmoqda. Rossiyada neftni qayta ishlash hajmi ham keskin pasaygan — Bloomberg baholashicha, oktyabrda bu ko‘rsatkich 4,86 million barrelga tushib, so‘nggi besh yildagi eng past darajaga yetdi.

Avgust oyidan buyon Ukraina kuchlari kamida 22 ta neft qayta ishlash zavodiga zarba bergan, ayrimlarini qisman yoki to‘liq ishdan chiqargan. Ayniqsa, Ust-Luga portiga qilingan hujumlar Rossiya eksportiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan — bu hudud mamlakat neft va neft mahsulotlarining 60 foizdan ortig‘ini tashish uchun javobgar.

Bundan tashqari, salbiy ob-havo sharoiti ham portlar ishini qiyinlashtirgan. Shu bilan birga, dizel yoqilg‘isi eksporti oz bo‘lsa-da o‘sish qayd etgan — sutkalik hajm 2 foizga oshib, 740 ming barrelga yetgan. Neft eksporti 3 foizga kamayib, 317 ming barrelga tushgan, mazut esa 10 foizga qisqarib, 710 ming barrelga yetgan.

Bloombergʼning yozishicha, so‘nggi sanksiyalar to‘g‘ridan to‘g‘ri «Rosneft» va «Lukoyl»ga qaratilgan bo‘lib, treyderlarni yangi to‘lov marshrutlarini izlashga majbur qilmoqda. AQSHning yangi sanksiyalari 21 noyabrdan kuchga kiradi.

Xalqaro energetika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina zarbalari oqibatida neftni qayta ishlash sur’ati kamida 2026 yilning yarmigacha past darajada qoladi. Rossiyaning 57 hududida benzin tanqisligi kuzatilgani sababli hukumat eksportga vaqtinchalik taqiq joriy etdi, Belarusdan qo‘shimcha xaridlar boshladi hamda Xitoy va boshqa Osiyo mamlakatlaridan yoqilg‘i import qilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid