
Rossiya Odessa portiga raketa va dronlar bilan hujum qildi: qurbonlar bor
03.07.2025 | 20:0044294
Rossiya armiyasi 3 iyul kuni Odessa va Poltavadagi port, turar joy binolari hamda harbiy infratuzilma ob’ektlariga raketali va dronli hujum uyushtirdi. Hujum oqibatida halok bo‘lganlar va yaralanganlar bor.

Odessa oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Kiper ma’lum qilishicha, raketa portdagi pirslardan birini, metall yuklarni tushirib olayotgan paytda, nishonga olgan. Hujum vaqtida San-Tome va Prinsipi bayrog‘i ostidagi xorijiy kemadan yuklar tushirilayotgan edi. Natijada ikki kishi — doker-mexanik va yuk mashinasi haydovchisi halok bo‘ldi. Yana olti kishi turli darajadagi tan jarohatlari oldi, ular orasida port operatori xodimlari va kema ekipaji a’zolari, shu jumladan ikki suriyalik bor.
Hujumdan port kranlari, omborlar va uskunalar sezilarli shikastlandi. Kiper Rossiyaning bu harakatini Ukraina portlarini yo‘q qilishga qaratilgan tizimli kampaniya deb atadi. «Rossiya to‘rtinchi yildirki portlarimizni nishonga olmoqda. Bu Ukraina va dunyo o‘rtasidagi aloqani yo‘q qilishga urinishdir», — dedi u.
Shuningdek, tun davomida Odessa shahri hududi dronlar orqali hujumga uchradi. Ulardan biri to‘qqiz qavatli turar joy binoga urildi. Oqibatda olti xonadon to‘liq vayron bo‘ldi, yana 36 xonadon zarar ko‘rdi. Besh kishi jarohat oldi, ular orasida ikki bola bor.
Shu kuni ertalab Poltavadagi hujumda ikki kishi halok bo‘ldi, 11 kishi jarohatlandi. Hujum maqsadlaridan biri mahalliy harbiy chaqiruv markazi bo‘ldi. Grajdanlik infratuzilmasiga zarar yetdi, oqibatlarni bartaraf etish bo‘yicha shtab ish olib bormoqda.
Ukraina harbiy havo kuchlariga ko‘ra, Rossiya tun davomida 52ta dron va imitator ishlatdi, havo hujumidan himoya tizimlari 40ta nishonni urib tushirgan. Shu bilan birga, Ukrainaning yetti hududida zarba oqibatlari qayd etildi.





