
Rossiya o‘g‘irlangan mashinalarni ro‘yxatdan o‘tkazishni qonuniylashtirmoqchi
Ichki ishlar vazirligi tashabbusi bilan «nodo‘stona» davlatlar qidiruvga bergan avtomobillarni Rossiyada davlat ro‘yxatidan o‘tkazish mumkin bo‘ladi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi xalqaro qidiruvda turgan, ammo Rossiya hududiga olib kirilib, fuqarolar tomonidan sotib olingan avtomobillarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga ruxsat berishni taklif qildi. Bu haqda normativ-huquqiy hujjatlar portalida e’lon qilingan qonun loyihasida so‘z boradi.
Hujjatga ko‘ra, gap «nodo‘stona» davlatlar tashabbusi bilan xalqaro qidiruvga berilgan transport vositalari haqida ketmoqda. Tashabbus maqsadi sifatida «Rossiya fuqarolarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish» ko‘rsatilgan.
Amaldagi tartibga ko‘ra, avtomobil qanday sharoitda xarid qilinganidan qat’i nazar, qidiruvda turgan transport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlangan. Yangi loyiha aynan shu qoidani o‘zgartirishni nazarda tutadi.
Ro‘yxatga olish muammosi
Vazirlik izohiga ko‘ra, Ukrainaga qarshi urush boshlanganidan so‘ng qator xorijiy davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari Rossiya so‘rovlariga javob bermay qo‘ygan. Natijada, avtomobilning haqiqatan o‘g‘irlangani yoki qanday sharoitda qidiruvga berilganini aniqlash imkoni yo‘q.
Misol sifatida Germaniya keltiriladi. IIV ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 19-yanvar holatiga Rossiyada aniqlangan va xalqaro qidiruvda bo‘lgan 123 ta avtomobil bo‘yicha Germaniyadan hech qanday javob olinmagan. Shuningdek, Ukraina tomonidan qidiruvga berilgan mashinalar bo‘yicha ham shunday holat qayd etilmoqda.
Vazirlik ta’kidlashicha, transport vositasini xalqaro qidiruv bazasidan chiqarish huquqi faqat qidiruvni boshlagan davlatga tegishli.
Sxemalar va xavflar
Qonun loyihasi ro‘yxatga oluvchi organga bunday holatlarda ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini mustaqil belgilash vakolatini berishni taklif qiladi. Bu esa amaldagi huquqiy bo‘shliqni to‘ldirish sifatida izohlanmoqda.
Avvalroq «Izvestiya» nashri Rossiyada Yevropada o‘g‘irlangan avtomobillarni legallashtirish sxemalari mavjudligini yozgan edi. Mashinalar Lugansk va Donetsk hududlari orqali olib kirilib, soddalashtirilgan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgandan so‘ng Rossiyaning boshqa hududlarida qayta rasmiylashtiriladi.
Mutaxassislar esa kelajakda Interpol orqali hamkorlik tiklansa, bunday avtomobillar yana qidiruv bazalarida «yorib chiqishi» va xaridorlar mol-mulksiz qolish xavfi yuqori ekanini ta’kidlamoqda.





