
Rossiya o‘zining milliy xabar almashish ilovasini ishga tushiradi
03.06.2025 | 22:0023033
Rossiyada raqamli suverenitetni mustahkamlash va xorijiy platformalarga bog‘liqlikni kamaytirish maqsadida yangi milliy xabar almashish ilovasi ishlab chiqiladi. Loyiha Telegram va WhatsApp kabi xizmatlarga raqobatchi sifatida nazarda tutilmoqda.
Rossiya hukumati yangi milliy xabar almashish platformasini ishlab chiqishini e’lon qildi. Bu haqda «Anadolu» agentligi ma’lum qildi. Yangi ilova Telegram va WhatsApp kabi ommabop, ammo «xavfsiz emas» deb baholangan xorijiy servislarga muqobil bo‘ladi.
Rossiya Davlat Dumasi axborot siyosati qo‘mitasi rahbari Sergey Boyarskiyning so‘zlariga ko‘ra, yangi ilova «zamonaviy, funksional va mahalliy qonunlarga to‘liq mos» bo‘ladi. Uning ta’kidlashicha, bu tashabbus xorijiy platformalarni taqiqlashga emas, balki haqiqiy raqobat muhitini yaratishga qaratilgan.
Rossiya Ukrainadagi urush boshlanganidan keyin Facebook, Instagram, Twitter va TikTok kabi bir qator xorijiy ijtimoiy tarmoqlarni cheklagan edi. Meta’ga tegishli platformalar 2022 yil mart oyida ekstremistik deb e’lon qilingan. YouTube esa qisman cheklangan. Bu choralar mamlakat axborot makoni ustidan nazoratni kuchaytirish uchun amalga oshirilgan.
Boyarskiyning ta’kidlashicha, Rossiyada elektron hukumat, onlayn banking va mahalliy ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish kengaymoqda. Yangi ilova mamlakatning raqamli infratuzilmasini rivojlantirish va davr talablariga moslashishga xizmat qiladi.
Milliy messenjer ishga tushishi bilan Rossiya fuqarolari uchun mustaqil va xavfsiz axborot almashinuvi imkoni yaratiladi.





