
Rossiya Sumi va Chernigivda temiryo‘l va energiya tizimlariga zarba berdi
05.10.2025 | 09:3023645
Rossiya 4 oktyabr kuni Ukraina infratuzilmasiga dron va raketa hujumlari uyushtirdi, natijada temiryo‘l stansiyasi va elektr tarmoqlari zarar ko‘rdi.

Rossiya armiyasi 4 oktyabr kuni Ukraina hududida yangi hujumlar amalga oshirdi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ma’lum qilishicha, Sumi oblastining Shostka rayonidagi temiryo‘l vokzaliga dronlar zarba bergan va natijada «o‘nlab odamlar» jarohat olgan. Ular orasida Shostka—Kiyev yo‘nalishidagi poyezd yo‘lovchilari va «Ukrzalіznitsya» xodimlari ham bor.
Temiryo‘l kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, hujum chog‘ida kassir, bir necha yo‘lovchi va uch nafar bola jabrlangan. Ikkita poyezd — Tereshchensk—Novgorod-Severskiy yo‘nalishidagi shaharlararo hamda Shostka—Kiyev poyezdlari shikastlangan. Kompaniya bayonotida «ikkinchi zarba evakuatsiya vaqtida elektrovozga berilgani» qayd etilgan.
Zelenskiy o‘z Telegram sahifasida bu hodisani «fuqarolarga qarshi terror», deb atadi va xalqaro hamjamiyatni Moskvaga bosimni kuchaytirishga chaqirdi.
Sumi oblastidagi «Sumioblenergo» ma’lumotiga ko‘ra, Shostka va yaqin rayonlarda hujumdan keyin keng ko‘lamli elektr uzilishlari — blekaut sodir bo‘lgan. Davlat favqulodda vaziyatlar xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya armiyasi Oxtir va Krasnopil rayonlariga ham zarba bergan, 11 ta xususiy uy va bir nechta xo‘jalik binolari vayron bo‘lgan.
Shu bilan birga, kechasi Chernigiv oblasti ham Rossiya dronlaridan zarba oldi. «Chernigivoblenergo» ma’lum qilishicha, hujum natijasida bir nechta muhim energiya ob’ektlari shikastlangan va taxminan 50 ming foydalanuvchi elektrsiz qolgan. Oblastda uch soatlik elektr ta’minoti va uch soatlik uzilish rejimi joriy etilgan. Oblast rahbari Vyacheslav Chausning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi umumiy hisobda 15 ta aholi yashash punktini, jumladan Chernigov shaharini ham nishonga olgan.
Rossiya ham Chernigiv oblastidagi zarbalarni tasdiqladi. RIA Novosti agentligiga ko‘ra, hujumlar «energiya tugunlari va harbiy maqsadda ishlatilayotgan omborlarga» qaratilgan. Rossiya bu orqali Ukraina armiyasining zaxira kuchlarini yetkazib berish yo‘llarini buzishni maqsad qilganini aytgan.
Ukraina havo kuchlari ma’lumoticha, 4 oktyabr tongigacha Rossiya Ukrainaga 109 turli tipdagi dron va «Iskander» tizimidan uchta ballistik raketa uchirgan. Soat 09:00 ga kelib, Ukraina mudofaa tizimi 73 ta dronni yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lgan.





