
Rossiya tahdidi sabab NATO harbiy xarajatlarni 5 foizgacha oshirishni taklif qildi
27.05.2025 | 14:1533103
NATO Bosh kotibi Mark Ryutte Yevropada tinchlik tahdid ostida ekanini ta’kidlab, a’zo davlatlardan harbiy xarajatlarni YAIMning kamida 5 foizigacha oshirishni so‘radi. Bu taklif Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini so‘ndirish uchun kuchli to‘siq yaratish maqsadida ilgari surilmoqda.

NATO a’zolari ishtirokida o‘tkazilgan besh kunlik majlis Deyton kelishuvlarining 30 yilligiga bag‘ishlandi. Urushga chek qo‘ygan ushbu kelishuvlar Bolqonda tinchlikni ta’minlagan edi. Biroq, bu galgi yig‘ilishda e’tibor Rossiyaning Ukrainadagi tajovuziga va Yevropada xavfsizlikni mustahkamlash zaruratiga qaratilishi bilan ajralib turdi.
NATO Bosh kotibi Mark Ryutte Parlament assambleyasida so‘zga chiqib, «Bugun Yevropa tinch emas, Rossiya urushni yana qaytardi», deb ta’kidladi. U a’zo davlatlardan mudofaa xarajatlarini jiddiy ravishda ko‘tarishni so‘rab, YAIMning 5 foizigacha yetkazish taklifini ilgari surdi.
Ryuttega ko‘ra, bu tashabbus 2025 yil iyun oyida o‘tadigan NATO sammitida ko‘rib chiqilishi mumkin. Uning ta’kidlashicha, bu qadam AQSH tomonidan ko‘rsatilayotgan bosimga ham mos keladi, chunki Vashington uzoq vaqtdan beri ittifoqchilardan umumiy xavfsizlikka faolroq hissa qo‘shishni talab qilib keladi.
Ma’lumki, NATO 1949 yilda Sovet Ittifoqi tahdidiga qarshi javob sifatida tashkil etilgan. Hozirda uning tarkibida 32 davlat bor. Ukraina esa a’zo emas, ammo joriy urush kontekstida uning g‘alabasi Yevropa va global barqarorlik uchun muhim, deb hisoblanmoqda.
NATOning mazkur bayonoti Ukrainaga siyosiy va harbiy ko‘makni yanada kuchaytirish zaruratini ko‘rsatmoqda. Yevropa xavfsizligiga tahdid tobora oshar ekan, ittifoq o‘z a’zolaridan jiddiy iqtisodiy sa’y-harakat talab qilmoqda.





