add

Rossiya–Ukraina urushida halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar soni ma’lum qilindi

30.10.2025 | 12:2034982

Ukrainaga qarshi urushda Rossiya safida xizmat qilayotgan o‘zbekistonlik muhojirlar xorijliklar ichida son jihatdan birinchi o‘rinda turibdi.

Rossiya–Ukraina urushida halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar soni ma’lum qilindi

«Xochu jit» (yashashni istayman) tashkiloti Ukrainadagi urushda Rossiya armiyasi safida jang qilgan, halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan o‘zbekistonlik fuqarolarning yangi ro‘yxatini e’lon qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lgan 481 nafar o‘zbekning shaxsi aniqlangan. Bu ro‘yxat to‘liq emas, aniq yo‘qotishlar soni ancha ko‘p bo‘lishi ehtimol qilinmoqda.

Tashkilot hisobotida ta’kidlanishicha, O‘zbekiston bugun Rossiya armiyasida xizmat qilayotgan xorijlik yollanma askarlar soni bo‘yicha yetakchi davlat hisoblanadi. Nodavlat manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 2 715 nafar o‘zbek fuqarosi Rossiya tomonida Ukrainaga qarshi jang qilgan yoki hozir ham ishtirok etmoqda.

Ulardan 498 nafari 2023 yilda, 941 nafari 2024 yilda va 2025 yilning dastlabki olti oyida deyarli 1 300 nafar o‘zbek fuqarosi Rossiya bilan harbiy shartnoma imzolagan. Shuningdek, Rossiya armiyasi safida asirga tushgan xorijliklar orasida ham o‘zbeklar soni eng ko‘p ekani qayd etilgan.

Tashkilot ma’lumoticha, Rossiyadagi politsiya va tergov organlari ba’zan muhojirlarni ish va’dasi bilan yoki qo‘rqitish orqali urushga jalb etmoqda. Ayrim hollarda bunday faoliyat uchun moddiy mukofotlar ham to‘lanishi qayd etilgan. Bu holat inson savdosi va mehnat muhojirlarining huquqiy himoyasizligini yanada kuchaytirayotgani ta’kidlanmoqda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston qonunchiligida fuqarolarning chet davlat harbiy xizmatlariga kirishi man etilgan. Jinoyat kodeksining 154¹-moddasiga muvofiq, bunday holat uchun 300 baravargacha jarima yoki uch yilgacha tuzatish ishlari belgilangan. Agar shaxs yollanma yoki shartnoma asosida chet el armiyasi safida xizmat qilsa, u holda besh yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

photo_1_2025-10-30_12-13-40photo_2_2025-10-30_12-13-40photo_4_2025-10-30_12-13-40photo_5_2025-10-30_12-13-40photo_6_2025-10-30_12-13-40photo_7_2025-10-30_12-13-40photo_8_2025-10-30_12-13-40photo_9_2025-10-30_12-13-40

Teglar

Mavzuga oid

Rossiya–Ukraina urushida halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar soni ma’lum qilindi | Vaqt.uz