
Rossiya, Ukraina va AQSH o‘rtasidagi muzokaralar uchun «maksimal darajada yopiq» rejim tanlandi
TASSning yozishicha, muzokaralar aynan qayerda o‘tayotgani ham noma’lum.

Abu-Dabida boshlangan Rossiya, Ukraina va AQSHning uch tomonlama muzokaralari «maksimal darajada yopiq» rejimda o‘tmoqda. Bu haqda TASS manbaga tayangan holda yozmoqda.
«Muzokaralar joyi aytilmayapti, matbuot ishtiroki ko‘zda tutilmagan. Har holda, bugun oqshom uchun bunday rejim qat’iy amal qilmoqda», - degan agentlik suhbatdoshi.
TASS muxbirining xabar berishicha, yirik mehmonxonalarning birortasida delegatsiyalar uchrashuvi haqida «eshitishmagan». Mehmonxonalar, shuningdek, Prezident saroyi atrofida vaziyat odatiy, kuchaytirilgan patrullik kuzatilmayapti.
Uch tomonlama muzokaralar urush boshlanganidan beri ilk bor rasman o‘tkazilmoqda.
Muzokaralarning asosiy mavzusi
Ukraina prezidenti Voladimir Zelenskiy muzokaralarning asosiy mavzusi hududiy masala bo‘lishini ta’kidlagan edi. Financial Times manbalarining xabar berishicha, AQSH va Ukraina Rossiyaga Ukrainaning energetika infratuzilmasiga zarba berishni to‘xtatishni taklif qilishni rejalashtirmoqda. Buning evaziga Kiyev Rossiya tankerlari va neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlardan voz kechishi mumkin.
Shuningdek, AQSH va Rossiya Abu-Dabida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha ham muzokaralar o‘tkazadi. Jumladan, unda AQSHda muzlatib qo‘yilgan Rossiya Markaziy banki aktivlaridan urush natijasida vayron bo‘lgan hududlarni tiklash uchun foydalanish masalasi muhokama qilinadi.





