
Rossiya Ukrainada Tramp umid qilib turgan yirik litiy konini egallab oldi
27.06.2025 | 20:3011613
Rossiya armiyasi Donetsk oblastining Shevchenko qishlog‘i yaqinidagi yirik litiy konlarini egalladi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi 26 iyun kuni ma’lum qildi. OSINT loyihasi DeepState ham xaritasida ushbu ma’lumotni tasdiqladi.
Fransiyaning Le Figaro nashri ta’kidiga ko‘ra, bu kon jahon akkumulyator sanoati uchun strategik ahamiyatga ega.
Shevchenko koni 1982 yilda ochilgan bo‘lib, 40 gektar maydonni egallaydi. Ukraina Milliy fanlar akademiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu yerda 90 foizdan ortiq yuqori mineralli spodumen bor, undan litiy qimmat texnologiyalarsiz ham qazib olinishi mumkin. Shuningdek, bu konda tantal, niobiy, berilliy, seziy va rubidiy kabi qimmatbaho metallar zaxiralari ham mavjud.
Bundan avval Rossiya qo‘shinlari Zaporijjya oblastining Kruta Balka konlarini egallagan edi. Hozirda Rossiya Ukrainadagi to‘rtta yirik litiy konlaridan ikkitasini nazorat qilmoqda. Qolganlari — Dobra va Poloxovske konlari Kirovograd oblastida joylashgan bo‘lib, ulardan litiy olish qimmatga tushadi. Ukrainada umumiy litiy zaxiralari 500 ming tonna deb baholangan.
Aprel oyida Ukraina va AQSH mineral resurslar bo‘yicha strategik bitim tuzdi. Unga ko‘ra, amerikalik sarmoyadorlar ishtirokida investitsiya fondi tashkil etilib, konlarni rivojlantirish va Ukraina tiklanishiga mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, Donald Trampning yaqin do‘sti Ronald Lauder Dobra konlarini rivojlantirishda ehtimoliy ishtirokchi sifatida tilga olinmoqda.





