
Rossiya Ukrainaga o‘t ochishni to‘xtatish uchun ikki shartli taklif berdi
03.06.2025 | 08:1546513
Rossiya rasmiylari Ukrainaga yo‘llangan memorandum orqali mojaroni to‘xtatish uchun ikki ssenariyni taklif etdi. Ularda harbiy kuchlarni jang zonasidan olib chiqish va Ukrainaga qator siyosiy talablar qo‘yilgan.

Rossiya agentliklari tarqatgan xabarlarga ko‘ra, 2025 yil 2 iyun kuni Rossiya Ukrainaga ikki yo‘nalishli shartlar to‘plamini o‘z ichiga olgan rasmiy memorandum taqdim etgan. Hujjat Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan.
Birinchi variantga ko‘ra, Ukraina Qurolli Kuchlari va boshqa harbiy tuzilmalar o‘zini «Rossiya hududlari» deb e’lon qilingan joylardan – Donetsk va Luhansk xalq respublikalari, Zaporijjya hamda Xerson oblastlaridan to‘liq chiqarilishi kerak. Bundan tashqari, bu kuchlar Rossiya bilan kelishilgan masofagacha chekinishlari lozim.
Ikkinchi variant esa 10 banddan iborat paket shaklida taqdim etilgan. Unga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlarining joylashuvini o‘zgartirish taqiqlanadi, mobilizatsiya to‘xtatiladi va demobilizatsiya jarayoni boshlanadi. Shuningdek, harbiy mahsulotlarning xorijdan kelishi va chet el harbiy yordamiga chek qo‘yiladi.
Memorandumda Ukraina hududida uchinchi davlatlarning harbiylarining bo‘lishi taqiqlanishi, harbiy holatni bekor qilish va 100 kun ichida Prezident hamda Oliy Rada saylovlarini o‘tkazish talab etilmoqda.
Rossiya hujjati, shuningdek, Qrim, LXR, DXR, Zaporijjya va Xerson oblastlarining Rossiya tarkibiga qo‘shilishini xalqaro huquqiy jihatdan tan olish, Ukrainaga betaraf maqom berish, armiya sonini cheklash hamda yadroviy qurolga ega bo‘lmaslik kafolatini ham nazarda tutgan.





