add

Rossiya va Ukrainaning yo‘qotishlari 1,2 mln kishidan oshdi — Kit Kellog

AQSH prezidentining maxsus vakili Kit Kellogning ta’kidlashicha, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushda uch yildan ortiq vaqt mobaynidagi umumiy yo‘qotishlar soni 1,2 mln nafarga yetdi. U bu haqda Fox News telekanalidagi chiqishida ma’lum qildi.

Rossiya va Ukrainaning yo‘qotishlari 1,2 mln kishidan oshdi — Kit Kellog
«Prezident Trampning fikri to‘g‘ri — bu qatllarni to‘xtatish kerak. Statistikaga qarasangiz, bu ommaviy qirg‘un. Har ikki tomondan jami yo‘qotishlar soni 1,2 millionga yetgan», — dedi u Fox News efirida. Kellogga ko‘ra, Rossiya va Ukrainadagi halok bo‘lgan va yaralanganlar soni Ikkinchi jahon urushida AQSH armiyasi ko‘rgan yo‘qotishlardan ham oshib ketgan. 1941–1945 yillarda AQSH 418 ming askardan ajralgan, yana 670 ming kishi yaralangan edi. Urush davomida tinch aholi yashaydigan shaharlarga qarab nazoratsiz raketa va dron hujumlari amalga oshirilayotgani, Kellogning fikricha, mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holatdir. BBC va «Mediazona» manbalari Rossiya qurolli kuchlarining tasdiqlangan yo‘qotishlari 108 ming askardan oshganini ma’lum qilmoqda. Ularning 5037 nafari — ofitserlar, shu jumladan 10 nafar general. Britaniya mudofaa vazirligi va NATO ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada halok bo‘lgan harbiylar soni 250 mingga yaqin, yaralanganlar bilan birga jami yo‘qotishlar 900 mingdan oshgan. Strategik tadqiqotlar bo‘yicha xalqaro instituti (IISS) hisoblaricha, 376 mingga yaqin rossiyalik frontda og‘ir jarohat olib, nogironga aylangan. Kit Kellog, shuningdek, Ukraina Vashingtonga kelajakdagi tinchlik kelishuvi uchun o‘z shartlarini taqdim etganini, AQSH hozir Kremldan shunga o‘xshash hujjatni kutayotganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, ikkala tomonning takliflari qiyoslab chiqiladi va o‘zaro muvofiq nuqta topishga harakat qilinadi. Kelgusi muzokaralar Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida Shveysariyaning Jeneva shahrida o‘tkazilishi mumkin. Kellog avvalroq muzokaralarni Vatikanda tashkil qilish niyatida bo‘lishganini, ammo Rossiya buni rad etganini bildirdi.

Teglar

Mavzuga oid

Rossiya va Ukrainaning yo‘qotishlari 1,2 mln kishidan oshdi — Kit Kellog | Vaqt.uz