add

Rossiyada 1-sinfga boruvchi bolalar soni 25 foizga qisqardi

02.09.2025 | 08:209194

Rossiya maktablarida yangi o‘quv yilini 1,5 millionga yaqin birinchi sinf o‘quvchisi boshladi — bu so‘nggi ikki yildagi eng katta pasayishdir.

Rossiyada 1-sinfga boruvchi bolalar soni 25 foizga qisqardi
Rossiya hukumatining ma’lum qilishicha, 2025/2026 o‘quv yilida mamlakat maktablarida 17,7 million o‘quvchi ta’limni boshlaydi. Ularning 1,5 millionga yaqini — ilk marta maktab ostonasini hatlab o‘tadigan bolalar. Bu ko‘rsatkich 2024 yildagi 1,8 million va 2023 yildagi 2 millionga yaqin raqamlar bilan solishtirilganda, ikki yilda 25 foizlik keskin pasayishni anglatadi. Masalan, 1997/1998 o‘quv yilida Rossiyada maktablarga 22 mlnta o‘quvchi qatnagan. 2000 yilda Rossiyada 69 mingta maktab faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugunga kelib ularning soni 40 mingtaga tushib qolgan. Muttaxassislar bunday qisqarishni Rossiyadagi chuqur demografik inqiroz bilan bog‘lashmoqda. Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil may oyiga kelib, mamlakatda umumiy tug‘ilish koeffitsiyenti har bir ayolga 1,376 bolani tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2006 yildan beri kuzatilgan eng past daraja hisoblanadi. Sovet ittifoqi parchalangan davrlarda — 1991 yilda tug‘ilish koeffitsiyenti 1,73 ni tashkil qilgan bo‘lsa, 1999 yilda 1,16 gacha tushgan. Keyingi yillarda ma’lum darajada ko‘tarilgan bu ko‘rsatkich 2015 yilda 1,76 ni tashkil etdi. Biroq Qrim anneksiyasidan so‘ng, tug‘ilish yana pasayib bordi va 2021 yilga kelib 1,47 gacha tushdi. 2024 yilda Rossiyada 1,222 million chaqaloq dunyoga kelgan bo‘lib, bu 1999 yildan buyon qayd etilgan eng past ko‘rsatkichdir. 2025 yilning birinchi choragida esa bu raqam yana 4 foizga kamaygan — atigi 288,8 ming bola tug‘ilgan. Demograf Aleksey Rakshaning ta’kidlashicha, bu antirekord XVIII–XIX asrlardan buyongi eng yomon natijalardan biri hisoblanadi. Mutaxassislar ta’lim sohasi bu demografik o‘zgarishlardan allaqachon ta’sirlana boshlaganini qayd etmoqda. Yaqin kelajakda sinflardagi bolalar soni, o‘qituvchilarga bo‘lgan talab va butun ta’lim tizimidagi yuklamalar sezilarli darajada o‘zgarishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid