
Rossiyada alkogol sotish yoshi 21 ga ko‘tarilishi mumkin
03.07.2025 | 21:1523003
Rossiya Davlat Dumasiga 18 yosh emas, 21 yoshgacha alkogolli mahsulotlari sotishni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi kiritildi. Bu mamlakatda alkogol iste’molini kamaytirish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘lishi mumkin.
Rossiya Davlat Dumasi rasmiy saytida e’lon qilingan qonun loyihasiga ko‘ra, alkogol sotish yoshini 18 yoshdan 21 yoshga ko‘tarilishi taklif qilinmoqda. Loyiha muallifi — senator Marina Siduxina. Uning ta’kidlashicha, spirtli ichimliklar yoshlar sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatib, jamiyatda ijtimoiy degradatsiyaga olib keladi va shaxs rivojlanishiga to‘siq bo‘ladi.
Markaziy illatlardan biri sifatida Siduxina spirtli ichimliklar insonning jismoniy va ruhiy sog‘lig‘iga zarar yetkazishini, ayniqsa 21 yoshgacha miya rivojlanishi davom etayotgan davrda bu xavfli ekanini qayd etdi. Loyihada AQSH va boshqa bir qator davlatlardagi tajribaga tayanib, bu yosh chegarasi yuqori bo‘lishi zarurligi urg‘ulangan.
Ayni paytda, Rossiyada alkogol iste’moli ko‘payib bormoqda. 2024 yil yakunida spirtli ichimliklar iste’moli 8,38 litr etanolga tenglashdi, bu esa so‘nggi yillardagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘ldi. FinExpertiza ma’lumotiga ko‘ra, kuchli alkogol mahsulotlari (aroqdan tashqari) sotuvi 10,2 foizga o‘sgan.
Mamlakat hukumati 2030 yilgacha spirtli ichimliklar iste’molini 7,8 litrgacha tushirishni maqsad qilgan konsepsiya asosida bir qator chora-tadbirlar qabul qildi. Ular orasida reklama taqiqlari, spirtli ichimliklar savdosini cheklash va biometrik tekshiruvlar orqali nazoratni kuchaytirish kabi takliflar bor.
Ayni paytda Moskva va Sankt-Peterburg shaharlari, Yakutiya, Buryatiya, Vologda va Kaluga oblastlari kabi hududlarda alkogol sotish vaqtini cheklovchi qoidalar amalda. Masalan, Vologdada spirtli ichimliklar faqat ish kunlari 12:00 dan 14:00 gacha sotilishi mumkin.





