Rossiyada avvalroq sekinlashtirilgan «YouTube» endi to‘liq bloklandi
«Roskomnadzor» bir yarim yillik «sekinlashtirish»dan so‘ng «YouTube»ni Rossiyada de-fakto to‘liq bloklab, servisga kirishni VPNsiz mutlaqo imkonsiz holatga keltirdi.

Rossiyada «YouTube»ning ishlashi amalda to‘xtatildi. IT-mutaxassislarning ma’lum qilishicha, «Roskomnadzor» videohosting domenini nazorat qilinadigan DNS-serverlar ro‘yxatidan chiqargan. Natijada, foydalanuvchi «YouTube»ga kirmoqchi bo‘lganda, router sayt manzilini IP bilan bog‘lay olmaydi va xatolik chiqadi.
«Eksployt» izohiga ko‘ra, bu usul servisni VPNsiz butunlay ishlamaydigan qiladi. Blokirovkada «suveren Runet» uchun yaratilgan Milliy domen nomlari tizimi qo‘llanilgan. Ushbu tizimdan barcha operatorlar 2021 yildan foydalanishi shart. Shu orqali regulyator saytlarga kirishni markazlashgan holda boshqara oladi.
Nima uchun aynan hozir?
«Ultimatek» infratuzilma integratori boshqaruvchi direktori Jemali Avalishvili «RBK» nashriga bergan intervyusida «Roskomnadzor» nazoratidagi DNS-serverlar «YouTube» uchun to‘g‘ri manzillarni qaytarmayotganini tasdiqladi.
Telekom-ekspert Aleksey Uchakin esa blokirovka «Telegram»ga qarshi cheklovlar kuchaytirilgan paytga to‘g‘ri kelganiga e’tibor qaratdi. Uning fikricha, tarmoq provayderlariga o‘rnatilgan trafik filtratsiyasi uskunalari ikki yirik servisni bir vaqtning o‘zida sekinlashtirishga qodir emas. Shu bois «qo‘pol, ammo ishonchli o‘chirgich» tanlangan. Ilgari «Discord» va «Signal» ham xuddi shu usulda bloklangan edi.
VPN orqali ishlaydi
«Softlayn» tarkibiga kiruvchi «MD Audit» kompaniyasining DevOPS bo‘limi rahbari Aleksandr Demin blokirovka texnik jihatdan eng oddiy usul ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «YouTube»ning barcha data-markazlari va kontent tarqatish tarmoqlari ishlashda davom etmoqda.
Shu sababli alternativ DNS yoki VPN orqali servisga kirish mumkin. Biroq oddiy foydalanuvchi uchun «YouTube» Rossiya hududida amalda yopildi.
«YouTube» birinchi marta 2024 yil iyul oyida sekinlashtirilgan edi. Avvaliga bu «Google» serverlari bilan bog‘liq «texnik muammolar» deb izohlangan, keyin esa regulyator cheklovlarni ochiq tan olgan. Sabab sifatida «qonun buzilishi» va 200 dan ortiq Rossiya propaganda kanallarining bloklangani ko‘rsatilgan.
Shunga qaramay, 2026 yil yanvarda «YouTube»ga 65,9 mln rossiyalik kirgan, kunlik auditoriya 22 mln nafarni tashkil etgan.





