
Rossiyada benzin narxi 14 yillik rekordni yangiladi
11.10.2025 | 13:5722024
Dron hujumlaridan so‘ng neftni qayta ishlash zavodlaridagi uzilishlar benzin tanqisligini keltirib chiqardi — narxlar yillik hisobda 12,7 foizga oshdi.

Rossiyada benzin narxi oxirgi 14 yil ichida eng yuqori sur’atda o‘sdi. Bu haqda The Moscow Times nashri Rosstat ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Sentyabr oyida mamlakat bo‘ylab chakana savdodagi benzin narxi o‘rtacha 2,58 foizga qimmatlashdi — bu 2018 yildan beri kuzatilmagan ko‘rsatkich. Yillik hisobda o‘sish 12,73 foizni tashkil etdi, bu esa 2011 yil dekabridan buyongi eng yuqori daraja hisoblanadi.
Ekspertlar benzin narxining keskin o‘sishi mamlakatda umumiy inflyatsiyaning tezlashishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Freedom Finance Global tahlilchisi Vladimir Chernov ta’kidlashicha, yoqilg‘i qimmatlashi qishloq xo‘jaligi, transport va logistika xarajatlarini ko‘paytirib, bu esa mahsulotlar va birinchi navbatdagi tovarlar narxining oshishiga olib keladi.
Yil boshidan buyon neft mahsulotlarining ulgurji narxi 40–50 foizga ko‘tarilgan. Avgust va sentyabr oylarida esa 10 martadan ortiq tarixiy maksimum qayd etilgan. Dron hujumlari tufayli mamlakatdagi neftni qayta ishlash zavodlari quvvati 23 foizgacha to‘xtagan va ichki bozorda 20 foiz atrofida benzin tanqisligi yuzaga kelgan.
Bloomberg ma’lumoticha, avgustdan beri dronlar Rossiyadagi kamida 30 ta yirik neftni qayta ishlash zavodiga zarba bergan. Oktyabr oyida hujumlar Tyumen, Yaroslavl, Orenburg va Leningrad oblastlaridagi bir nechta zavodlarni ishdan chiqargan.
Natijada, neft qayta ishlash hajmi joriy yil oktyabrida kuniga 4,86 million barrelgacha tushdi — bu oxirgi besh yildagi eng past ko‘rsatkich. Iqtisodchilarning fikricha, benzin narxi yuqori darajada saqlanishi mamlakatda umumiy narxlar o‘sishini kelgusi oylarda yana kuchaytirishi mumkin.





