
Rossiyada bodring narxi go‘sht narxiga yaqinlashdi
Qish mavsumi, sovuqlar va issiqxona xarajatlarining o‘sishi fonida Rossiyada bodring narxi keskin oshib, ayrim hududlarda go‘sht qiymatiga yaqinlashib qoldi.

Rossiyada bodring narxi yil boshidan beri keskin o‘sishni namoyish etdi. «Forbes»ning «Rusprodsoyuz» ma’lumotlariga asoslanib yozishicha, fevral oyi boshiga kelib bodringning o‘rtacha chakana narxi 1 kilogramm uchun 300,1 rublga yetgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yil noyabr oyiga nisbatan 111,1 foizga yuqori.
«AB-Sentr» tahlilchilari esa dekabr oxiridan beri chakana bozorda narx 41,8 foizga oshganini qayd etmoqda: 223,7 rubldan 317,2 rublgacha. Ayrim hududlarda iste’molchilar bodring narxi 500 rubl, hatto 1 ming rublgacha yetgani haqida shikoyat qilmoqda. Natijada, bodring amalda go‘sht bilan bir qatorga chiqdi: Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 2-fevral holatiga 1 kilogramm cho‘chqa go‘shti 396,93 rubl, mol go‘shti esa 700,5 rubl turgan.
Qishki omillar
Riteylerlar va mutaxassislar narx oshishini bir necha omil bilan izohlamoqda. «Lenta» gipermarketlari tarmog‘i vakillariga ko‘ra, qish oylarida issiqxonalarda hosildorlik pasayishi, yangi yil bayramlaridan keyin talabning oshishi hamda logistika xarajatlari an’anaviy ravishda sabzavotlar narxiga bosim o‘tkazadi.
Bu yil esa vaziyatni anomal sovuqlar yanada og‘irlashtirdi. Mamlakatning deyarli barcha hududlarida past haroratlar teplitsalarda hosildorlikni keskin kamaytirgan. Shu bilan birga, qattiq sovuqlar saqlash muammolarini ham keltirib chiqardi: ulgurji bazalarda va mayda ulgurji savdoda mahsulot tezroq buzila boshladi, deya ta’kidlaydi «AB-Sentr» bosh direktori Aleksey Plugov.
Qachon arzonlashadi?
Mutaxassislar fevral oyini eng qiyin davr deb hisoblaydi. Bu oyda ishlab chiqarish xarajatlari yuqori, narxlar esa eng cho‘qqisida bo‘ladi. Shu bilan birga, Rossiya bozori bodring bilan deyarli to‘liq o‘zini o‘zi ta’minlaydi: «AB-Sentr» ma’lumotlariga ko‘ra, mahalliy ta’minot ulushi 95 foizni tashkil etadi, 2025 yilda sanoat hosili 897,8 ming tonnani tashkil qilgan.
Plugov prognoz qilishicha, fevral oyida ishlab chiqarish yanvarga nisbatan 35 foizga qisqaradi. Biroq mart oyidan yorug‘ kunlar uzayishi bilan issiqxonalarda yoritish va isitish xarajatlari kamayadi. AKORT raisi Stanislav Bogdanovga ko‘ra, bu omillar sabzavotlar narxining pasayishiga olib keladi. Mart oyida hosil fevralga nisbatan kamida bir yarim barobarga, aprelda esa ikki–ikki yarim barobarga o‘sishi kutilmoqda.





