
Rossiyada byudjetni to‘ldirish uchun alkogol va tamakiga aksizni keskin oshirishmoqchi
30.09.2025 | 09:0318703
Yanvardan boshlab Rossiya alkogol va tamaki mahsulotlariga aksizni inflyatsiyadan ancha yuqori miqdorda oshiradi.

Byudjetni to‘ldirish maqsadida Rossiya hukumati 2026 yil 1 yanvardan boshlab araq, vino, pivo va barcha turdagi tamaki mahsulotlariga aksiz stavkalarini keskin oshirishni rejalashtirmoqda. Yangi takliflar Davlat dumasiga kiritilgan Soliq kodeksiga o‘zgartishlar loyihasida nazarda tutilgan.
Kuchli alkogol ichimliklar uchun aksiz 11,4 foizga oshiriladi. 18 gradusdan yuqori ichimliklar uchun stavkalar 1 litr toza spirt uchun 824 rublga yetkaziladi. Toza spirti kamroq bo‘lgan mahsulotlar uchun esa aksiz 148 rubldan 165 rublga ko‘tariladi.
Shampan vinosi uchun aksiz 28 foizga, oddiy vino uchun 31 foizga oshadi. Pivoga (8,6 foizgacha) aksiz 30 rubldan 33 rublga chiqadi. Sidr, puare va asaldan tayyorlangan ichimliklarga ham shunday stavkalar belgilangan.
Tamaki uchun ham keskin o‘sish belgilangan: 2026 yilda sigaretlarga aksiz 11,3 foizga, tamakiga — 7 foizga oshiriladi. Sigaralar uchun stavka 315 rubldan 351 rublga, tamakini qizdirishga mo‘ljallangan qurilmalardagi mahsulotlar uchun esa 1 kg uchun 9807 rubldan 10 915 rublga chiqadi. Elektron sigaretlardagi suyuqliklar 1 ml uchun 44 rubl o‘rniga 49 rubl etib belgilanadi.
Aksizlar oshirilishi orqali davlat 2026–2028 yillarda federal byudjetga 213,7 mlrd rubl qo‘shimcha daromad tushishini kutmoqda. Bu o‘zgarishlar yil yakunidagi 6,8 foizlik inflyatsiya prognozidan ancha yuqori. Shu bilan birga, Rossiyaning byudjet tanqisligi 2026 yilda 3,78 trln rubl, 2027 yilda — 3,18 trln, 2028 yilda — 3,51 trln rublga baholanmoqda.





