
Rossiyada dron hujumlari tufayli yirik neftni qayta ishlash zavodlaridan mosuvo bo‘lishi mumkin
22.08.2025 | 21:209144
Ukraina dronlarining hujumlari Rossiya neft bozorida chuqur tanazzul keltirmoqda — ba’zi NQIZlar doimiy yopilish xavfi ostida.

2025 yil avgust oyida dron hujumlari qaytadan faollashdi va kamida yettita yirik neftni qayta ishlash zavodiga (NQIZ) ziyon yetkazdi. Carnegie Endowment mutaxassisi Sergey Vakulenko bu hujumlar Rossiyadagi neftni qayta ishlash salohiyatiga qaytarib bo‘lmas zarar yetkazishi mumkinligini aytdi.
Sizran, Novokuybishev, Saratov va Volgograd NQIZlari to‘liq to‘xtatilgan. «Rosneft»ga tegishli Ryazan zavodi — Moskva va viloyat uchun asosiy ta’minlovchi — quvvatining yarmini to‘xtatdi. Shuningdek, Slavyan, Afip va Novoshaxtin zavodlari ham hujumga uchradi.
Vakulenko ta’kidlashicha, bunday keng qamrovli va bir vaqtda amalga oshirilayotgan zarbalar avval kuzatilmagan edi. Ularning maqsadi asosiy iste’mol va qayta ishlash hududlaridagi zavodlarni nobud etish. Hujum natijasida mamlakat umumiy qayta ishlash quvvati 10 foizga qisqardi, deydi «Finam» tahlilchisi Sergey Kaufman.
Defitsitni yopish uchun hukumat benzin eksportini to‘liq taqiqladi. Bu chora AZSlarga 150 ming tonna yoqilg‘i qo‘shishi mumkin, lekin ichki talabni to‘liq ta’minlamaydi. Qrimda benzin sotish uchun talon tizimi joriy qilindi, Baykalorti, Kuril va Primorye mintaqalarida esa bir necha soatlik navbatlar yuzaga keldi. Birja narxlari esa avgustda 40–50 foizga oshdi — AI-92 narxi tonnasi 72,6 ming rubl, AI-95 esa 82,2 ming rublga yetdi.
Muammolarni aniq baholash mushkul: hukumat o‘tgan yili NQIZlarga oid barcha ma’lumotlarni maxfiy qilgan. Shu bilan birga, NQIZlarni ta’mirlash ham murakkablashgan — sanksiyalar oqibatida butlovchi qismlar va texnologiyalar yetkazib berish cheklangan. Rossiyadagi NQIZlarning 80 foiz uskunalari ilgari Yevropa va AQSHda ishlab chiqarilgan bo‘lgan. Import o‘rnini bosish dasturlariga qaramay, 2024 yilda faqat 45 foiz nasoslar, 40 foiz kompressorlar va 30 foiz reaktorlar mahalliy ishlab chiqarilgan.





