
Rossiyada import texnikasi qimmatlashadi: 2026-yildan yangi soliq amalga kirmoqda
2026-yil sentabridan boshlab Rossiyada texnika narxlari sezilarli oshishi kutilmoqda. Sababi — import uchun joriy etilayotgan yangi «texnologik yig‘im»dir.

Rossiya OAVlari xabar berishicha, hukumat milliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida import texnikasi uchun soliq tizimini tasdiqladi. Unga ko‘ra, chetdan keltiriladigan texnika va elektron qismlar uchun kategoriyasiga qarab alohida yig‘im undiriladi.
Bu yig‘im ayniqsa Rossiya ishlab chiqaruvchilari kam yoki yo‘q darajada ishtirok etadigan segmentlarga — masalan, komputer qismlari bozoriga katta ta’sir ko‘rsatadi. Ya’ni, ko‘pgina texnika turlari sezilarli darajada qimmatlashishi mumkin.
Qonun 2026 yil 1-sentabrdan kuchga kiradi.
Shuningdek, «Adolatli Rossiya» partiyasi rahbari Sergey Mironov hozirgi iqtisodiy vaziyatdan tashvishda ekanini bildirdi. Unga ko‘ra, inflatsiya aholi daromadlarini yeb qo‘ymoqda, real o‘sish sur’ati to‘rt barobarga sekinlashgan. Mironov narx-navo ustidan samarali davlat nazoratini ta’minlaydigan maxsus organ — Davlat narx qo‘mitasini tuzishni taklif etmoqda.





