add

Rossiyada ishchi qo‘llar tanqisligi: Moskva va Sankt-Peterburgga yana 40 ming hindistonlik keladi

Bugun 10:342 daqiqa

Rossiyada mehnat bozoridagi o‘tkir tanqislik fonida hindistonlik ishchilar oqimi kengaymoqda. 2026 yil davomida Moskva va Sankt-Peterburgga kamida 40 ming nafar Hindiston fuqarosi ishlash uchun jalb qilinishi kutilmoqda.

Rossiyada ishchi qo‘llar tanqisligi: Moskva va Sankt-Peterburgga yana 40 ming hindistonlik keladi

Rossiyaga Hindistondan mehnat muhojirlarini jalb etish jarayoni jadallashmoqda. Dehlidagi mehnat bilan ta’minlash tuzilmalari ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin oylarda kamida 40 ming nafar hindistonlik ishchi Rossiya bozoriga kirib keladi. Asosiy yo‘nalishlar — Moskva, Sankt-Peterburg va ular atrofidagi hududlar bo‘lib, bu yerlarda ishchi kuchiga talab eng yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

Yangi kelayotgan muhojirlarning barchasi 19 yoshdan 43 yoshgacha bo‘lgan erkaklar hisoblanadi. Ular asosan ombor xo‘jaliklari, qurilish, klining, to‘qimachilik va ishlab chiqarish sohalarida ishga joylashtirilmoqda. Ayrim hollarda yuqori malakali mutaxassislar ham uchraydi, ammo amalda hindistonliklarning asosiy qismi jismoniy mehnat talab etiladigan tarmoqlarga yo‘naltirilmoqda.

Ish beruvchilar ta’kidlashicha, til masalasi hali ham muammo bo‘lib qolmoqda: ko‘plab ishchilar rus tilini bilmaydi, maishiy texnika va infratuzilma bilan ishlashda ham qiyinchiliklar uchraydi. Shu bois, ish jarayonida ko‘rsatma va tushuntirishlar ko‘pincha ishoralar orqali beriladi. Shunga qaramay, ish beruvchilar hindistonliklarning intizomi, jismonan chidamliligi va ingliz tilini bilishini ustun jihat sifatida ko‘rsatmoqda.

Rasmiy statistika ham bu tendensiyani tasdiqlaydi. Agar 2022 yilda hindistonliklarga berilgan ish ruxsatnomalari soni 8 mingta atrofida bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib hukumat 70 mingdan ortiq kvota ajratgan. Vizali davlatlardan kelgan ishchilarning ish beruvchiga huquqiy bog‘langani va yillik shartnoma asosida ishlashi Rossiya uchun yanada qulay mexanizm hisoblanadi.

Bu jarayon Rossiyada ishsizlik darajasi 2,1 foizgacha tushgan, iqtisodiyot esa 2,6 mln nafar xodimga muhtoj bo‘lgan sharoitda kechmoqda.

Mutaxassislar 2030 yilga borib kadrlar tanqisligi 3 mln nafardan oshib ketishini istisno etmaydi. Shu bois, Hindiston Rossiya uchun mehnat resurslarining asosiy manbalaridan biri sifatida ko‘rilmoqda.

Teglar