
Rossiyada kambag‘allik darajasi 7,4 foizgacha pasaydi
Rossiyada aholining kambag‘allikda yashayotgan qismi II chorakda 10,8 mln kishigacha kamaydi, o‘rtacha oylik maosh 100 ming rublga yetdi.
Rossiyada 2025 yilning ikkinchi choragi yakunlariga ko‘ra, aholining 7,4 foizi yoki 10,8 mln kishi kambag‘allik chegarasida yashagan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning shu davriga nisbatan 1,1 foiz punktga kamaygan. Bu haqda Rosstat 5 sentyabr kuni ma’lum qildi, deb yozmoqda «Vedomosti» nashri. Kambag‘allik chegarasi shu davrda 16 863 rubl etib belgilandi.
Joriy yilning birinchi yarmida kambag‘allar soni 11,6 mln kishini tashkil etgan, o‘tgan yilning shu davrida esa bu ko‘rsatkich 13,3 mln bo‘lgan. 2024 yil yakunida 10,5 mln kishi kambag‘al deb hisoblangan — bu tarixiy eng past ko‘rsatkich bo‘lgan edi.
Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, bunday dinamikaga aholi daromadlari o‘sishi sababchi bo‘ldi. Ish haqi, tadbirkorlik va mulkdan daromadlar, ijtimoiy nafaqalar va pensiyalar indeksatsiyasi muhim rol o‘ynadi. 1 fevraldan 40 dan ziyod to‘lov va nafaqalar 9,5 foizga, 1 apreldan ijtimoiy pensiyalar 14,75 foizga oshirildi.
Ikkinchi chorakda aholi jami pul daromadlari 29,9 trln rublni tashkil etdi — o‘tgan yilga nisbatan 16 foizga ko‘p. Haqiqiy daromadlar 5,6 foizga, iste’mol inflyatsiyasini hisobga olgan holdagi real ixtiyoriy daromadlar esa 7 foizga oshgan.
O‘rtacha oylik nominal maosh 100 023 rublga yetgan, bu 14,9 foizga o‘sganini anglatadi. Pensiyalar o‘rtacha 23 452 rubl bo‘lib, 11,9 foizga oshdi. Kam ta’minlangan aholi guruhlarining daromadlari ham 14 foizga ko‘paygan.
Kambag‘allik ko‘rsatkichi mavsumiy omillarga bog‘liq ravishda yilning birinchi yarmida yuqori, ikkinchi yarmida esa past bo‘ladi. Masalan, 2024 yilning birinchi choragida kambag‘allar soni 14 mln kishi bo‘lgan bo‘lsa, yil oxirida 7,7 mln kishiga tushgan.
Byudjet tashkilotlari xodimlari uchun oyliklar 2025 yil 1 yanvardan 13,2 foizga oshirildi. Yana 3,6 foizlik qo‘shimcha indeksatsiya rejalashtirilgan. 1 oktyabrdan boshlab ayrim davlat xizmatchilari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari maoshi yana 7,6 foizga ko‘tariladi.





