
Rossiyada maoshi eng tez o‘sgan kasb: ular ustozlardan ham ko‘proq olishyapti
Rossiyada oylik ish haqi eng ko‘p o‘sgan kasb egalari kutilmaganda ko‘cha tozalovchilar bo‘lishdi. Ular o‘qituvchilardan ko‘proq maosh olyapti.

Rossiyada oylik maoshi eng tez o‘sgan kasb sifatida ko‘cha tozalovchilar peshqadamlik qilmoqda. «Avito Rabota» tadqiqotiga ko‘ra, 2025 yil sentabr–oktabr oylarida ularning o‘rtacha ish haqi 71,8 ming rublga yetdi — bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 56 foizga ko‘p. Qizig‘i shundaki, bu ko‘rsatkich bo‘yicha ular maktab o‘qituvchilarinikidan o‘zgan: Rossiyada o‘qituvchilarning o‘rtacha maoshi 71,4 ming rublni tashkil qilgan.
Maoshdagi bunday keskin o‘sish shaharlarni qish mavsumiga tayyorlash va ko‘cha-maydonlarni tozalashga bo‘lgan ehtiyoj oshgani bilan izohlanmoqda. Bundan tashqari, to‘liq va qisman ishlash imkoniyati mavjud bo‘lgani sababli, oylik daromad ish hajmiga bog‘liq bo‘ladi.
Maoshi tez o‘sgan kasblar orasida ikkinchi o‘rinni tom yopuvchilar egalladi — ularning o‘rtacha ish haqi 119,9 ming rublga yetgan, o‘sish 50 foiz. Uchinchi o‘rinda esa elektrogazpayvandchilar — ularning daromadi 30 foizdan ziyodga ko‘tarilgan. Bu asosan isitish tizimlari ta’miri va montaji bo‘yicha mavsumiy ishlarning ko‘payishi bilan bog‘liq.
UJKX (uy-joy kommunal xo‘jaligi) sohasida e’lon qilingan bo‘sh ish o‘rinlari soni 1 yilda 19 foizga oshgan. Ko‘cha tozalovchilarga talab 2,3 barobar oshgan. Shuningdek, elektrogazpayvandchilar (+35 foiz) va oddiy payvandchilar (+30 foiz)ga ham talab yuqori.
Talab eng ko‘p o‘sgan hududlar sifatida Moskva oblasti (+74 foiz), Volgograd oblasti (+65 foiz) va Rostov oblasti (+61 foiz) qayd etildi. Korxonalar qishki mavsumda to‘liq infratuzilma ishlashini ta’minlash uchun tozalovchilar, santexniklar va elektriklarga talabni oshirgan.





