
Rossiyada mevalar yig‘ilmay qolmoqda: fermerlar ishchi yetishmasligidan norozi
11.07.2025 | 09:0033625
Rossiyada qishloq xo‘jaligi faollari mavsumiy ishlar uchun ishchi kuchining tanqisligidan shikaoyat qilmoqda. Sabab — migratsiya qoidalarining keskin kuchaytirilishi, xususan, ishlash uchun rus tilidan imtihon topshirish majburiyati.

Rossiya bog‘bonlar assotsiatsiyasi prezidenti Igor Muxaninning ma’lum qilishicha, ishchi yetishmovchiligi mamlakatning bir qancha mintaqalarida hosil nobud bo‘lishiga olib kelmoqda. Uning ta’kidlashicha, «olma terish uchun rus tili kerak emas», chunki har bir brigadada tilni biladigan mas’ul shaxs bor.
2024 yilda Krasnodar o‘lkasida mahalliy hokimiyat tomonidan migrantlarning mavsumiy ishlarga jalb qilinishi taqiqlangan va minglab tonna olma hamda rezavor mevalar yig‘ilmay qolgan. Joriy 2025 yilda ham ahvol o‘zgarmagan — hosil miqdori kamroq bo‘lishiga qaramay, ishchi yetishmasligi sabab pishib yetilgan mevalarning nobud bo‘lishi kutilmoqda.
Masalan, Tambov oblastida poliz mevalari odatdagidan ko‘p hosil bergan, ammo fermerlar ularni yig‘ishga ulgurmayapti. Ayni vaqtda qulupnay va malina terilishi kerak, tez orada gilos mavsumi ham boshlanadi. Ammo tonnalab mahsulot yo‘qotilyapti — teradigan ishchilar yo‘q. Hosil pishay deb qolgan olmalar ham yig‘ilmay qolishi mumkin.
Muxaninning aytishicha, ishchi yetishmasligi sabzavot yetishtirish sohasiga ham ta’sir qilmoqda. Yildagi yomg‘irli ob-havo sabab tezkor yig‘im va saralash talab qilinadi, lekin ishchilar kamligi sabab mahsulot chirib ketyapti. Bu esa bozordagi narxlarning ko‘tarilishiga olib kelmoqda.
Ishchi muammosi tufayli ayrim kompaniyalar o‘quvchilar va talabalarni mavsumiy ishlarga jalb qilmoqda. Masalan, «Malino» kompaniyasida maktab va universitetlar dars jadvalini qayta tuzib, o‘quvchilarni ferma ishlariga jalb etyapti. Ammo bu choralar muammoni to‘liq hal etmayapti.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu holat butun Rossiyadagi keng qamrovli kadr muammosining ifodasidir. Oliy iqtisodiyot maktabi hisob-kitobiga ko‘ra, 2024 yil yakunida Rossiya korxonalarida 2,6 millionta ishchi o‘rni bo‘sh bo‘lgan — bu o‘tgan yilga nisbatan 17 foizga ko‘p. Bunga mehnat muhojirlarining mamlakatdan chiqib ketishi, iqtisodiy noaniqlik va rubl qadrining pasayishi sabab bo‘lgan.
Bu muammolar Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi ortidan yanada kuchaygan. Milliondan ortiq inson safarbar etilgan, yana 650 mingdan 1,1 milliongacha fuqaro mamlakatni tark etgan. «Crocus City Hall»dagi terrorchilikdan keyin esa migratsiya siyosati yanada qat’iylashtirildi, bu esa Markaziy Osiyodan ishchi kuchining kirib kelishini chekladi.
Rossiya aholisining kamayishi ham bosimni kuchaytirmoqda. Rosstat ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilda tabiiy kamayish 596 ming kishidan oshib ketgan. Agar bu jarayon davom etsa, 2046 yilga kelib aholi soni 130,6 million kishigacha kamayishi mumkin.





