
Rossiyada migrant ayollar uchun bepul tug‘uruqni taqiqlash taklif qilindi
23.05.2025 | 15:1541543
Rossiya Davlat Dumasi deputati Sergey Mironov mamlakatda tug‘ilayotgan chet ellik bolalar soni ortishi fonida migrant ayollarga bepul tug‘uruq xizmati ko‘rsatilishini taqiqlashni taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu xizmatni faqat to‘langan tibbiy sug‘urta orqali amalga oshirish kerak.

Rossiya Davlat Dumasi deputati Sergey Mironov mamlakatdagi migrant ayollarga nisbatan yangi talabni ilgari surdi. Unga ko‘ra, chet ellik ayollar Rossiyada bepul tug‘uruq xizmatidan foydalanish huquqidan mahrum qilinishi kerak. Mironov bu xizmatdan faqat sug‘urta polisiga ega bo‘lgan ayollar foydalanishi mumkinligini ta’kidladi.
Uning fikricha, chet elliklar o‘z mamlakatlaridayoq Rossiya sug‘urta kompaniyalarining filiallari orqali tibbiy sug‘urtaga ega bo‘lishi kerak. Bunday yondashuv xalqaro amaliyotda ham qo‘llanadi. Mironov Rossiya fuqarolari hisobidan bunday «saxovat» ko‘rsatishni noo‘rin deb hisoblamoqda.
Shu bilan birga, u agar chet ellik fuqaro Rossiyada rasman ishlab, kamida uch yil davomida ish beruvchi tomonidan sug‘urta badallari to‘langan bo‘lsa, u holda majburiy tibbiy sug‘urta huquqiga ega bo‘lishini eslatdi.
Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zosi Kirill Kabanov esa bu tashabbusni tanqid qilib, uni samarasiz migratsiya siyosatini yashirishga urinish deb baholadi.
Mazkur taklifga advokat Aleksandr Pochuyev ham qarshilik bildirdi. Uning ta’kidlashicha, bu tashabbus konstitutsiyada kafolatlangan bepul tibbiy yordam huquqini buzadi. Shuningdek, u Rossiyada tug‘iladigan, lekin chet ellik ayollardan dunyoga keladigan bolalarning ham huquqlari poymol etilishini qayd etdi.
Pochuyev, ma’lum shartlar asosida Rossiyada tug‘ilgan chet ellik bolalar «tug‘ilgan joy huquqi» asosida fuqarolik olish huquqiga egaligini eslatdi.





