
Rossiyada migrantlar imtihonlari to‘liq elektron formatga o‘tadi
Rossiyada chet el fuqarolari uchun majburiy bilim tekshiruvi 2026 yildan to‘liq raqamlashtiriladi.

Rossiyada 2026 yil 1-yanvardan boshlab migrantlar uchun o‘tkaziladigan rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi bo‘yicha imtihonlar to‘liq elektron formatga o‘tkaziladi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi. Yangi tartib patent yoki yashash uchun ruxsatnoma olishni rejalashtirayotgan barcha xorijiy fuqarolarga taalluqli bo‘ladi.
Ma’lum qilinishicha, islohot doirasida imtihonlar komputer orqali test shaklida o‘tkaziladi. Rossiya Federatsiyasi Fan va ta’lim vazirligi ushbu tizimga o‘tish qarorini tasdiqlab, baholash jarayonida inson omili ta’sirini kamaytirish asosiy maqsad etib belgilanganini ma’lum qildi. Shu orqali shaffoflikni oshirish va korrupsiya xavflarini minimallashtirish rejalashtirilgan.
Yangi tartibga ko‘ra, imtihonlar faqat elektron muhitda va masofaviy texnologiyalar yordamida tashkil etiladi. Nazorat organlari mamlakat bo‘ylab mavjud 203 ta test topshirish punktida jarayonni real vaqt rejimida kuzatib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Qog‘oz shaklidagi test varaqalari hamda videoqayd etilmagan og‘zaki suhbatlar to‘liq bekor qilinadi.
Shuningdek, imtihon savollari va javoblarini oldindan ochiq e’lon qilish amaliyotidan voz kechiladi. Savollar bazasi har oy yangilanib borilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu testlarni yodlab olish orqali noqonuniy tarzda imtihondan o‘tish holatlarini cheklashga qaratilgan.
Imtihonlarni qabul qilish faqat davlat muassasalari zimmasiga yuklanadi. Ularning faoliyati ustidan nazoratni Rosobrnadzor amalga oshiradi. Rasmiylarga ko‘ra, mazkur islohot migratsiya sohasida tartibni kuchaytirish va bilim baholashning yagona standartlarini joriy etishga xizmat qiladi.





