add

Rossiyada migrantlar uchun tibbiy talablar kuchaytiriladi

15.07.2025 | 12:405153

Rossiyaga ishlash uchun kelayotgan migrantlar endilikda tibbiy sug‘urtadan tashqari, OIV, sil, gepatit va giyohvand moddalar yo‘qligini tasdiqlovchi hujjatlarni ham taqdim etishi kerak bo‘ladi. Bu yangi talablar qonun loyihasi orqali rasmiylashtirilishi kutilmoqda.

Rossiyada migrantlar uchun tibbiy talablar kuchaytiriladi
Rossiya Davlat Dumasi mehnat qo‘mitasi raisi Yaroslav Nilovning ma’lum qilishicha, mamlakatga ishlash uchun kelayotgan xorijliklar uchun qo‘shimcha tibbiy talablarni nazarda tutuvchi qonun loyihasi tayyorlanmoqda. Loyihaga ko‘ra, fuqarolardan tibbiy sug‘urtaga qo‘shimcha ravishda OIV, gepatit B va C, sil, sifilis kabi kasalliklar yo‘qligini va giyohvand moddalar iste’mol qilmasligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma talab etiladi. Nilovning ta’kidlashicha, Rossiya migrantlarning muammolarini emas, balki ishchi qo‘li orqali yechimlarini kutadi. Agar kerakli tibbiy hujjatlardan biri yetishmasa, shaxs Rossiyaga kirishdayoq qaytariladi. Bu yangilik Rossiyada migratsiya tizimini qat’iyroq nazorat qilishga qaratilgan yana bir chora bo‘lib, iyul oyida migrantlar uchun davlat bojlari joriy etilishini nazarda tutuvchi qonun loyihasi ham qabul qilingan edi. Unga ko‘ra, Rossiyada vaqtincha yashash yoki ishlash istagidagi fuqarolar ro‘yxatga olish va ruxsatnomalar uchun 500–4200 rubl miqdorida to‘lov to‘lashlari kerak bo‘ladi. Moliya vazirligi ushbu yangi yig‘imlar Rossiya byudjetiga yiliga 17 mlrd rublgacha qo‘shimcha daromad keltirishini hisoblab chiqqan. Shu bilan birga, avvalroq chet elda uch oydan ziyod vaqt bo‘lgan fuqarolarni ham OIV bo‘yicha majburiy tekshiruvdan o‘tkazish rejalashtirilgani xabar qilingan.

Teglar

Mavzuga oid

Rossiyada migrantlar uchun tibbiy talablar kuchaytiriladi | Vaqt.uz