
Rossiyada oddiy ko‘cha supuruvchilarning maoshi hammanikidan tez o‘smoqda
12.09.2025 | 08:4013983
Rossiyada 2025 yilning yozida eng tez o‘sgan maoshlar aynan ko‘chalarni toza-ozoda saqlashga mas’ul insonlar — farroshlar hissasiga to‘g‘ri keldi.

RBK xabariga ko‘ra, «Avito Rabota» servisining tahlilida 2025 yil yoz oylarida dvorniklar uchun maosh takliflari o‘rtacha 25 foizga oshgan, ya’ni 51 ming 541 rublga yetgan. Bu ularni mamlakatda maoshi eng tez o‘sgan kasblar qatoriga olib chiqdi. Bundan bir yil avval bu ko‘rsatkich 38 900 rubl atrofida bo‘lgani ta’kidlanmoqda.
Shu bilan birga, ish vaqti ob’ektga bog‘liq holda har xil tarzda tashkil etiladi — ertalab va kechqurun 4–5 soatdan ikki smenali grafik, yoki kunlik o‘zgaruvchan vazifalar bilan to‘liq ish vaqti bo‘lishi mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, uy-joy kommunal sohasida o‘rtacha maosh takliflari umumiy hisobda 43 foizga ko‘tarilib, 79 ming 640 rublga yetgan.
Hududiy ta’minot sohalarida ham o‘sish qayd etilmoqda. Masalan, elektr mutaxassislariga maosh takliflari o‘rtacha 77 204 rublga yetdi — bu o‘tgan yilga nisbatan 8 foizga ko‘p. Transport mashinalari sanoatida maoshlar 38 foizga, og‘ir mashinalar sohasida esa 35 foizga o‘sgan. Bu sohalarda ish haqi mos ravishda 117 ming 809 va 129 ming 649 rublni tashkil etmoqda.
Shu bilan birga, slesarlar va tokarlarning daromadlari ham keskin oshgan. Slesarlar maoshi 18 foizga ko‘tarilib 96 ming 733 rubl, tokarlarniki esa 13 foizga ko‘tarilib, 176 ming 686 rublga yetdi.
Shunga qaramay, Rossiyada uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida kadrlar yetishmovchiligi 18–23 foiz darajasida bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, ko‘cha supuruvchilar va slesarlar yetishmasligi sezilarli.





